Yangiliklar

The Beatles’ning so‘nggi albomi, AQSh prezidenti va Enrike Iglesias tavalludi — kun tarixi

8-mayda sodir bo‘lgan tarixiy hodisalar
Kollaj / Kursiv Uzbekistan

8-may sanasi jahon tarixida siyosiy arboblarning dunyoga kelishi, musiqa olamidagi unutilmas relizlar hamda sport afsonalarining tavalludi bilan yodda qolgan. Kursiv Uzbekistan kunning eng muhim voqealarini xronologik tartibda taqdim etadi.

Foto: Bettmann Archive / Getty Images

1884-yili AQShning 33-prezidenti Garri Trumen dunyoga keldi. U Ikkinchi jahon urushini tugatish va sovuq urushning boshlanish davridagi eng asosiy siyosiy arboblardan biri hisoblanadi. Uning prezidentligi davrida BMT tashkil etilgan va Yevropani iqtisodiy tiklash bo‘yicha qator xalqaro dasturlar amalga oshirilgan.

Foto: Bettmann Archive / Getty Images

1932-yilda og‘ir vazn toifasidagi afsonaviy amerikalik bokschi, jahon chempioni Sonni Liston tavallud topdi. U o‘zining qaqshatqich zarbalari bilan nom qozongan bo‘lib, ayniqsa, Muhammad Ali bilan o‘tkazgan tarixiy janglari orqali boks ixlosmandlariga yaxshi ma’lum.

Foto: stpetecatalyst.com

1970-yilning 8-may sanasida musiqa olamidagi eng afsonaviy guruhlardan biri The Beatles’ning so‘nggi studiyaviy albomi – «Let It Be» ommaga taqdim etildi. Ushbu musiqiy to‘plam butun dunyo bo‘ylab, hatto sobiq ittifoq hududlarida ham rok-musiqa ixlosmandlari uchun katta voqea bo‘lgan hamda ko‘plab xalqaro xit-paradlarda uzoq vaqt yetakchilik qilgan.

Foto: Sky Sports
Foto: Cardena SER

Aynan shu 1970-yili ispan futboli afsonasi, taniqli o‘yinchi va murabbiy Luis Enrike dunyoga keldi. U «Barselona» va Ispaniya terma jamoasining sobiq bosh murabbiyi sifatida futbol muxlislariga yaxshi tanish. Murabbiy sifatida u «Barselona» jamoasi bilan bir mavsumning o‘zida uchta eng yirik turnir g‘olibligini qo‘lga kiritib, futbol tarixiga kirgan. Hozirda PSJ klubida ajoyib natijalar qayd etmoqda.

Foto: Getty Images
Enrique Iglesias - Bailando ft. Sean Paul, Descemer Bueno, Gente De Zona

1975-yilda mashhur ispan xonandasi, lotin pop-musiqasi qiroli Enrike Iglesias tavallud topgan. U o‘z faoliyati davomida dunyo bo‘ylab o‘nlab million nusxada musiqiy albomlarini sotishga erishgan yirik yulduz sanaladi. Xonanda O‘zbekistonda ham juda katta muxlislar armiyasiga ega va bir necha bor Toshkentda o‘zining yirik konsert dasturlarini taqdim etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 7-may sanasida sodir bo‘lgan muhim hodisalar haqida xabar bergan edi.