Yangiliklar

Savdo kelishuvi keskinlashmoqda: Tramp Yevroittifoqqa muhlat berdi

Oq uy rahbari YI davlatlariga yuqori foizli bojlar solish bilan tahdid qildi
Savdo kelishuvi keskinlashmoqda: Tramp Yevroittifoqqa muhlat berdi / Foto: The Hill

AQSh prezidenti Donald Tramp 4-iyulgacha Yevropa Ittifoqi savdo kelishuvi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarmasa, Yevropa mahsulotlariga, jumladan, avtomobillarga nisbatan bojlar ancha yuqori darajaga oshirilishini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Trampning aytishicha, u yangi muddatni Ursula von der Leyen bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbati davomida belgilagan. Tomonlar suhbat chog‘ida Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerakligi borasida ham bir fikrga kelgan.

May oyining boshida Tramp kutilmaganda Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan avtomobillarga boj stavkasini avval kelishilgan 15 foiz o‘rniga 25 foizgacha oshirishini e’lon qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, bunga sabab Yevroittifoqning o‘tgan yil iyulda Shotlandiyaning Turnberry hududida erishilgan savdo kelishuvi shartlarini to‘liq bajarmayotgani bo‘lgan.

Mazkur kelishuvga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi AQSh sanoat mahsulotlariga qo‘yilgan bojlarni nol darajagacha tushirishi hamda ayrim Amerika qishloq xo‘jaligi va dengiz mahsulotlari uchun boj olinmaydigan kvotalar ajratishi kerak edi. Biroq ushbu hujjatlarni tasdiqlash jarayoni Yevropa parlamentida sekin kechayotgani aytilmoqda.

Ursula fon der Lyayen esa X ijtimoiy tarmog‘idagi postida AQSh bilan savdo bitimi muhokama qilinganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar bitimni amalga oshirishga sodiq qolmoqda va iyul boshigacha bojlarni kamaytirish bo‘yicha ijobiy siljishga erishilish mumkin.

Navbatdagi muzokaralar 19-may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq sud Tramp tashabbusi bilan qurilayotgan Oq uy bal zali qurilishini to‘xtatgani haqida xabar qilgan edik.