Yangiliklar

Italiyaning Oʻzbekistondagi sobiq elchisi viza mojarosi sabab hibsga olindi

Sobiq elchi yordamchisi bilan birga uzoq muddatli turistik vizalar berish sxemasini tashkil qilgan
Foto: TIV

Rimda Italiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Pyergabriyele Papadia de Bottini di Sant-Aneze hibsga olindi. U Rossiya fuqarolariga Shengen vizalarini noqonuniy rasmiylashtirishda gumon qilinmoqda.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, sobiq elchi yordamchisi bilan birga uzoq muddatli turistik vizalar berish sxemasini tashkil qilgan. Bu vizalar bir yildan uch yilgacha amal qilgan.

Aytilishicha, rasmiy talablarga javob bermagan shaxslar ham ushbu yoʻl bilan Shengen vizasini olgan. Buning uchun ulardan 4 mingdan 16 ming yevrogacha pul olingan. Qonuniy boj esa 45–60 yevro atrofida boʻlgan.

Sxema Moskvadagi uchta sayyohlik agentligi orqali ishlagan. Tergov kamida 95 nafar rossiyalik shu yoʻl bilan viza olganini aniqlagan. Ayrim hollarda arizachilar konsullik hududida yashamagan. Baʼzilar nomidan hujjatlarni boshqa shaxslar imzolagan. Yana bir qismi esa konsullikka shaxsan bormagan holda viza olgan.

Qoidabuzarliklar 2025-yil iyul oyida Italiya Tashqi ishlar vazirligi tekshiruvi vaqtida aniqlangan. 81 ta holatda Toshkentdagi elchixonadan viza olgan rossiyaliklar muassasaga keluvchilar roʻyxatida qayd etilmagan.

«Viza arizalarida aniq qoidabuzarliklar topildi. Bu holatlar uchun missiya rahbari Papadia bevosita javobgar boʻlgan. U hujjatlarga ʼOKʼ belgisi va oʻz bosh harflarini qoʻygan», — dedi tergovchilar.

Tergov, shuningdek, 2025-yil yanvar–iyul oylarida Bolgariyadagi bank hisobiga 23,6 ming yevro oʻtkazilganini aniqlagan. Pul oʻtkazmasi foizli qarz sifatida rasmiylashtirilgan.

Hisob Bolgariyada yashovchi, Italiya fuqaroligiga ega rossiyalik Tatyana Tarakanovaga tegishli boʻlgan. U avval Papadia bilan Italiyaning Moskvadagi konsulligida ishlagan. Keyin esa Toshkentdagi elchixonaning viza boʻlimiga ishga olingan.

Sobiq elchiga nisbatan ehtiyot chorasi qochish xavfi sabab tanlangan. Tergovga koʻra, u hibsga olinishidan oldin Rossiyaga viza olish imkoniyati bilan qiziqqan.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Irlandiyada ham vakil etib tayinlangani haqida xabar bergan edi.