Yangiliklar

Oʻzbek askarini qutqarib qolgan Le Bretonlar oilasiga orden berildi

Orden 6-may kuni Oʻzbekistonning Londondagi elchisi tomonidan oilaning farzandlari va nabiralariga topshirildi
Foto:

Buyuk Britaniyaning Jersi orolida Ikkinchi jahon urushi yillarida oʻzbekistonlik askar Boqijon Akramovni fashistlardan yashirgan Le Bretonlar oilasiga Oʻzbekistonning «Doʻstlik» ordeni topshirildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

Marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu mukofot bilan taqdirlangan edi. Orden 6-may kuni Oʻzbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov tomonidan oilaning farzandlari va nabiralariga topshirildi.

Marosim Jersi orolining fashistlardan ozod etilganiga 80 yil toʻlishi arafasida oʻtkazildi. Tadbirda Le Bretonlar oilasining jasorati insonparvarlik va xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik namunasi sifatida baholandi.

Yuqorida Jon va Fillis Emili Le Breton, pastda esa Boqijon Akramovning suratlari. Foto: Instagram / Uzembassyuk

Oila xotiralariga koʻra, «Tom amaki» deb atalgan Boqijon Akramov Le Bretonlar xonadonida qariyb uch yil yashiringan. U 1945-yil may oyida Oʻzbekistonga qaytgan. Le Bretonlar oilasi vakillari ota-onalariga berilgan mukofot uchun Oʻzbekiston prezidentiga minnatdorlik bildirdi.

Jersey Heritage tashkiloti tarixchisi Kris Eddining aytishicha, 2022-yildan beri olib borilgan tadqiqotlar orqali Akramovning urushdan keyingi taqdiri ham aniqlangan. U uzoq umr koʻrib, 1996-yilda vafot etgan va avlodlar qoldirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev Moskvada harbiy texnikalarsiz boʻlgan paradda ishtirok etgani haqida xabar bergan edi.