Yangiliklar

Qozogʻiston – Oʻzbekiston chegarasida tirbandlik yuzaga keldi

Holat O‘zbekiston hududidagi «Navoiy» punktida ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi ishlashida uzilishlar yuzaga kelgani bilan bog‘liq
Foto: TASS

Qozogʻiston – Oʻzbekiston chegarasidagi «Qoplonbek» nazorat-oʻtkazish punktida katta navbat yuzaga keldi. Bu haqda Qozogʻiston Milliy xavfsizlik qoʻmitasi Chegara xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat Oʻzbekiston hududidagi «Navoiy» punktida roʻyxatdan oʻtkazish tizimi ishlashida uzilishlar yuzaga kelgani bilan bogʻliq.

«Qozogʻiston tomondagi punkt odatdagi rejimda ishlamoqda, hech qanday cheklovlar joriy etilmagan», – deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston tomoni tizimdagi nosozliklarni bartaraf etish ustida ishlamoqda. Punkt faoliyati yaqin vaqt ichida tiklanishi rejalashtirilgan. Chegara xizmati fuqarolardan safarlarni rejalashtirishda ushbu vaziyatni inobatga olishni soʻradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bojxona qoʻmitasi «S.Najimov» (Mayskiy) chegara posti fuqarolar uchun qachon ochilishi boʻyicha hozircha aniq ma’lumot yoʻqligini bildirgan edi. Qoʻmita matbuot kotibi Husan Tangriyevning Kursiv Uzbekistanʼga ma’lum qilishicha, postdan faqat yuk avtotransport vositalari harakatlanmoqda.

«Chegara bojxona postidan hozircha faqat yuk avtotransport vositalari harakatlanmoqda. Yengil avtomobillar va fuqarolarga hozircha ruxsat berilmagan. Bu yuqori turuvchi organlar qarori bilan boʻladigan masala hisoblanadi», – dedi Husan Tangriyev.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston va Qozog‘istonni bog‘lovchi chegara punkti sentabrda qayta ochilishi haqida xabar bergan edi.