
O‘zbekistonda 2026-yil 1-maydan boshlab ekologiyani yaxshilashga qaratilgan yangi tartib joriy etiladi. Prezident farmoniga ko‘ra, har oyning 10 va 25-sanalarida «Avtomobilsiz kun» hamda «Avtomobilsiz hafta» aksiyalari o‘tkaziladi.
Yangi tartib doirasida davlat organlari va tashkilotlari xodimlariga ushbu kunlarda xizmat avtomobillaridan foydalanish taqiqlanadi. Hujjatda qayd etilishicha, mazkur cheklov atmosfera havosiga chiqarilayotgan zararli moddalarni kamaytirish va ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.
Agar aksiyalar ish kunlariga to‘g‘ri kelsa, xizmat avtomobili haydovchilarining ish haqi saqlab qolinadi.
Farmon bilan 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan «Toza havo» umummilliy loyihasining asosiy maqsadlari ham belgilandi. Unga ko‘ra, atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmini 10,5 foizga qisqartirish, yirik korxonalarda avtomatik monitoring stansiyalari va chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Shuningdek, PM2,5 zararli zarrachalari me’yoridan oshadigan kunlar sonini kamaytirish ham asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-apreldan Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlarida chang bo‘ronlariga qarshi »yashil devor»lar barpo etish ishlari boshlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-avgustdan eskirgan avtomobilni topshirganda avtokredit foizi qoplanishi haqida yozgandi.