Yangiliklar

Ortda qolgan haftada nimalar yuz berdi

4-10-may kunlari
Foto: Lobar Turayeva / Kursiv Uzbekistan

Kursiv Uzbekistan 4-10-may kunlari O‘zbekiston va xorij olamida sodir bo‘lgan yangiliklarni hafta yakunida jamladi.

AQShdagi yahudiylar Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkda konsert berishiga qarshi chiqmoqda

AQSh yahudiylari Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkda konsert berishiga qarshi chiqmoqda

AQSh yahudiylari Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkda konsert berishiga qarshi chiqmoqda / Foto: Instagram

Nyu-York shahrida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning rejalashtirilgan konserti AQSh yahudiylarining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. Kursiv Uzbekistan holatga aniqlik kiritish maqsadida xonandaning ma’muri bilan bog‘landi.

Unga ko‘ra, konsertga chiptalar sotilgan, tayyorgarlik jarayonlari ham joyida. Xonandaning vizasi esa hali chiqmagan. Ma’mur yaqin kunlarda uning ham javobi chiqishini bildirdi.

Elektromobillarni quvvatlashda subsidiya tizimi joriy etiladi

Elektromobillarni quvvatlashda subsidiya tizimi joriy etiladi

Elektromobillarni quvvatlashda subsidiya tizimi joriy etiladi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Energetika vazirligi elektromobillarni quvvatlash infratuzilmasini takomillashtirish va sohani raqamlashtirishga qaratilgan yangi loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.

Hujjatda elektr transporti uchun qulay sharoit yaratish, investitsiyalarni jalb etish hamda xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.

«Chelsi» klubi Abduqodir Husanov vakillari bilan aloqaga chiqdi

Husanov

Foto: SI yordamida yaratilgan

«Chelsi» himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning vakillari bilan aloqaga chiqdi. Londonliklar uni mudofaa markazi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda jurnalist Aaron Ramiro xabar bermoqda.

Tadbirkorlar uchun tashqi reklama pasportini olish tartibi belgilandi

Peshlavha

Foto: Kursiv Uzbekistan

Tadbirkorlik subyektlari tashqi reklama joylashtirish uchun maxsus pasport olishlari shart qilib belgilandi. Xizmat my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladi hamda arizalarni ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 90 foizi miqdorida to‘lov undiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar bermoqda.

Uzr so‘raydi deb o‘ylasangiz qattiq adashasiz — Yulduz Usmonova yahudiylarga javob qaytardi

Foto: Instagram / Yulduz Usmonova

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning 9-may kuni Nyu-York shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konserti yahudiy jamoasi vakillarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Bunga «Primadonna» ijtimoiy tarmog‘i orqali munosabat bildirdi.

Konsert dasturi atrofidagi ziddiyatlar fonida Yulduz Usmonova Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali videomurojaat yo‘llab, chiptalar to‘liq sotilganini ta’kidladi va uzr so‘rash talabini qat’iyan rad etdi.

Nyu-Yorkdagi norozilik ortidan «Primadonna»ning konserti bekor qilindi

Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan so‘ng Bruklindagi Oceana Theater sahnasida rejalashtirilgan Yulduz Usmonova konserti bekor qilindi. Bu haqda teatr ma’muriyati Facebook’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Xabarlarga ko‘ra, namoyishlar Nyu-York shtati gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman ishtirokida o‘tgan. Shundan keyin teatr ma’muriyati konsertni o‘tkazmaslikka qaror qilgan.

O‘zbekiston terma jamoasining may oyidagi yig‘ini uchun tarkibi e’lon qilindi

Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 6–26-may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxati tasdiqlandi. Yig‘in doirasida Milliy futbol markazida Superliga klublariga qarshi yopiq nazorat o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro mazkur yig‘in uchun 4 ta darvozabon, 14 ta himoyachi, 12 ta yarimhimoyachi va 10 ta hujumchini chaqirgan. Italiyalik mutaxassis Nodirbek AbdurazzoqovSardor BahromovMuhammadrasul Abdumajidov hamda Diyor Ortiqboyev kabi yosh futbolchilarni ham tarkibga kiritgan.

Toshkent «Brodveyi» yangilanadi

Rasm: SI / Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Toshkent «Brodveyi» — Sayilgoh ko‘chasi va unga tutash hududlarni kompleks yangilash rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. Loyiha doirasida Sayilgoh ko‘chasi, xiyobonlar, yashil hududlar, piyodalar yo‘laklari va boshqa infratuzilma obyektlari bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinadi.

Toshkent hokimligi ma’lum qilishicha, loyihada piyodalar yo‘laklari va qoplamalari yangilanadi, yoritish tizimi modernizatsiya qilinadi, favvoralar ta’mirlanadi hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi.

Qatar Airways’da ishlash uchun 65 nafar o‘zbekistonlik tanlab olinadi

Foto: Qatar Airways

Qatar Airways’da ishlash uchun 65 nafar o‘zbekistonlik tanlab olinadi. Migratsiya agentligi, Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi vakillari Doha shahrida mehnat migratsiyasi bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazdi.

Qatar mehnat vaziri Ali bin Saeed bilan muzokaralarda tibbiyot, turizm, aviatsiya va axborot texnologiyalari sohalarida talab yuqori ekani muhokama qilindi. Shuningdek, O‘zbekistonda Qatar standartlari asosida maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

41 nafar fuqaro Erondan O‘zbekistonga qaytarildi

Foto: «Dunyo» AA

O‘zbekistonlik bir guruh vatandoshlar Eron hududidan Turkmaniston orqali tranzit tarzda vatanga olib kelindi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Ashxobod va Tehron shaharlaridagi diplomatik vakolatxonalar Turkmaniston idoralari bilan hamkorlikda barcha tashkiliy masalalarni qisqa muddatda hal qilgan. Natijada 41 nafar fuqaro chegaradagi maxsus punktlarda kutib olinib, ularning xavfsiz ravishda uyiga yetib kelishi ta’minlangan.

Rasmiylar ta’kidlashicha, xorijdagi har bir O‘zbekiston fuqarosining huquq va manfaatlarini himoya qilish ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Shahar jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi

Shahar jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi / Foto: President.uz

Shahar jamoat transporti yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda jamoat transporti tizimini yanada rivojlantirish va xizmat sifatini oshirish ishlari yuzasidan Shavkat Mirziyoyevga taqdimot amalga oshirildi. Unda shahar jamoat transportining yagona aglomeratsiya tizimiga o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Davomi…

Foto: Facebook

Toshkent avtobuslarida konditsionerlar 7-maydan ishga tushadi

Poytaxt bo‘ylab jamoat transportlarida sovitish tizimi 7-maydan boshlab bosqichma-bosqich yoqiladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» kompaniyasi xabar berdi.

Davomi…

Harbiy kursantlarga sun’iy intellekt va IT chuqur o‘qitiladi

Harbiy kursantlarga sun’iy intellekt va IT chuqur o‘qitiladi / Foto: Mudofaa vazirligi

Harbiy kursantlarga sun’iy intellekt va IT chuqur o‘qitiladi

O‘zbekistonda harbiy kadrlar tayyorlash tizimida kursantlarga sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni chuqur o‘qitishga qaratilgan yangi model joriy qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan harbiy kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

11-may kuni maktablarda dars bo‘ladi, bog‘chalar esa ishlamaydi

O‘zbekistonda 9-may — Xotira va qadrlash kuni dam olish kuniga to‘g‘ri kelgani sababli, besh kunlik ish haftasida ishlovchilar uchun dam olish kuni 11-may – dushanbaga ko‘chirildi.

Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi 11-may kuni umumta’lim maktablarida dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishini ma’lum qildi. Bunda boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun ushbu tartib amal qilmaydi.

«Qabristonlarni obod qilish dolzarb oyligi» tashabbusi ilgari surildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi aholini qabristonlarni obod qilish va ziyorat odoblariga rioya etishga chaqirdi.

Murojaatda ajdodlar xotirasini e’zozlash, qabristonlarni toza va tartibli saqlash xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri ekani ta’kidlangan. Qayd etilishicha, qabristonlar nafaqat dafn joyi, balki insonni hayot va oxirat haqida o‘ylashga undaydigan maskan hisoblanadi.

Amir Temur xiyobonida aqlli svetofor va xavfsizlik tizimi joriy etiladi

Amir Temur xiyoboni atrofida aqlli svetoforlar o‘rnatilib, yo‘llarning o‘tkazuvchanligi soatiga 6 mingtagacha avtomobilga yetkaziladi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Loyiha «Shahar piyodalar uchun» tamoyili asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda avtomobillar oqimi, jamoat transporti, piyodalar yo‘nalishlari hamda hududning kelajakdagi rivojlanishi kompleks tarzda hisobga olingan.

Mirziyoyev Moskvada harbiy texnikalarsiz bo‘lgan paradda ishtirok etdi — foto

Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: prezident matbuot xizmati

Unda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston pezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Laos prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya podshohi Sulton Ibrohim, Slovakiya Hukumati Raisi Robert Fitso va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham qatnashdi.

Urushda qariyb 2 million nafar o‘zbekistonlik frontga safarbar etildi. Qonli janglarda 538 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz halok bo‘ldi, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qoldi.

Eldor Shomurodov Turkiyada mavsum ramziy jamoasidan joy oldi

Eldor Shomurodov

Foto: Instagram / Eldor Shomurodov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov EA Sports talqiniga ko‘ra, Turkiya Superligasining mavsum ramziy jamoasidan joy oldi.

«Bashakshehir» klubi hujumchisiga FC26 o‘yinida 93 reytingli maxsus karta berildi. EA Sports mavsum davomida yuqori natija ko‘rsatgan futbolchilarni maxsus kartalar orqali e’tirof etadi. Shomurodovning virtual kartasida uning tezligi, zarba aniqligi, paslari, driblingi, himoyadagi harakatlari va jismoniy ko‘rsatkichlari baholangan.

Shomurodov 2025-yil yozida «Bashakshehir» safiga qo‘shilgan edi. U qisqa vaqt ichida Istanbul klubining asosiy hujumchilaridan biriga aylandi. Joriy mavsumda o‘zbekistonlik futbolchi Turkiya Superligasida 32 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Uning hisobida 20 ta gol va 4 ta golli uzatma bor. Bu natija Shomurodovga to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinni egallash imkonini bermoqda. Hozircha «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu 22 ta gol bilan peshqadamlik qilmoqda. Mavsum yakunlanishiga ikki tur qolgan.

O‘zbek askarini qutqarib qolgan Le Bretonlar oilasiga orden berildi

Buyuk Britaniyaning Jersi orolida Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovni fashistlardan yashirgan Le Bretonlar oilasiga O‘zbekistonning «Do‘stlik» ordeni topshirildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.

Marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ushbu mukofot bilan taqdirlangan edi. Orden 6-may kuni O‘zbekistonning Londondagi elchisi Ravshan Usmonov tomonidan oilaning farzandlari va nabiralariga topshirildi.