
O‘zbekistonda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi tahrirda ishlab chiqiladi. Bu prezidentning 8-maydan kuchga kirgan farmoyishida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, amaldagi ma’muriy qonunchilik zamonaviy sharoitlar asosida qayta ko‘rib chiqiladi. Jumladan, eskirgan va amaliy ahamiyatini yo‘qotgan huquqbuzarliklarni bekor qilish, yangi xavf va tahdidlarga mos javobgarlik choralarini joriy etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, jazo tizimini takomillashtirish, muqobil choralarni kengaytirish hamda jazolarning huquqbuzarlik darajasiga mutanosibligini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Hujjatda inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqishda sud nazoratini kuchaytirish ham ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etilgan.
Yangi kodeks loyihasi doirasida jabrlanuvchilarga ma’naviy zarar uchun kompensatsiya to‘lash mexanizmlarini joriy qilish, davlat organlari va mansabdor shaxslarning vakolatlarini aniq belgilash ham rejalashtirilgan.
Farmoyish bilan ma’muriy qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha махсус idoralararo komissiya tuzildi. Ishchi organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi belgilangan. Komissiya tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi vakillari ham o‘rin olgan.
Yangi tahrirdagi kodeks loyihasi 2027-yil 1-aprelga qadar ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasidan so‘ng Prezident administratsiyasiga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Senat ish tashlash huquqini mustahkamlovchi qonunni ma’qullagani haqida yozgandi.