
Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro reys yo‘lovchilari uchun mo‘ljallangan zamonaviy Fast Track xizmati rasman taqdim etildi. Yangi tizim aeroportdagi rasmiyatchilik jarayonlarini tezlashtirish va yo‘lovchilarga qulaylik yaratishga qaratilgan.
Taqdimot marosimida aeroport ma’muriyati, aviakompaniyalar, bank va turizm sohasi vakillari, shuningdek xalqaro hamkorlar ishtirok etdi. Tadbirda dunyoga mashhur Collinson Group kompaniyasi vakillari ham qatnashdi. Ushbu kompaniya Priority Pass xalqaro dasturi asoschisi sifatida tanilgan.
Loyihaning texnologik hamkori bo‘lgan HighPass aeroport terminaliga avtomatlashtirilgan Fast Track geytlarini o‘rnatdi. Endilikda yo‘lovchilar maxsus QR-kod orqali pasport nazoratidan alohida yo‘lak orqali tezkor tarzda o‘tishi mumkin bo‘ladi.
Xizmatdan HighPass platformasi orqali, shuningdek aviakompaniyalar va turoperatorlar saytlarida aviachipta yoki sayohat paketlarini xarid qilish vaqtida foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, dunyo bo‘yicha bunday avtomatlashtirilgan Fast Track tizimlari 100 tadan kam aeroportda mavjud. Shu tariqa, Toshkent aeroporti Markaziy Osiyoda ushbu texnologiyani joriy qilgan ilk aeroportga aylandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent xalqaro aeroporti hududidagi oltita avtoturargoh auksionga chiqarilgani haqida yozgandi.