Yangiliklar

Zoyir Mirzayev yo‘llardagi tirbandliklarda «Damaslar»ni ayblamoqda

Ayni paytda viloyatda yo‘lovchi tashishda foydalanilayotgan 14 mingdan ortiq Damas avtomobili mavjud
Foto: Namangan viloyati hokimligi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev viloyatda jamoat transporti tizimini kengaytirish va yo‘llardagi tirbandlikni kamaytirish bo‘yicha yangi rejalar ishlab chiqilganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, ayni paytda viloyatda yo‘lovchi tashishda foydalanilayotgan 14 mingdan ortiq Damas avtomobili transport oqimiga jiddiy yuklama bermoqda. Hokim fikricha, bunday transport vositalari sonining ko‘pligi nafaqat tirbandlikni oshiradi, balki xizmat sifati va tariflar ustidan nazoratni ham murakkablashtiradi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda viloyatda avtobuslar soni keskin oshgan. Agar avval 14 ta yo‘nalishda 110 ta avtobus qatnagan bo‘lsa, hozirda ularning soni 418 taga yetgan, marshrutlar esa ikki barobarga ko‘paygan.

Yangi loyihalar doirasida sun’iy intellekt asosida aholining ehtiyojlari tahlil qilinib, qo‘shimcha 14 ta avtobus yo‘nalishi ishlab chiqildi. Ushbu yo‘nalishlarni ishga tushirish uchun 136 ta yangi avtobus talab etiladi.

Hozircha 43 ta avtobus olib kelingani, biroq ular bojxona hududida turgani qayd etildi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, import qilinadigan yo‘lovchi tashish texnikalari uchun utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha imtiyoz yana ikki yilga uzaytirilgan. Shu asosda Toshkent viloyatiga 230 dan ortiq yangi avtobus olib kelish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Toshkent shahri bilan tutash hududlarda aglomeratsiya tizimi bosqichma-bosqich kengaytirilayotgani, avtobus qatnovlari ayrim hududlarda 12 kilometrgacha kirib borayotgani bildirildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samarqandda 52 nafar bolani olib ketayotgan «damaschilar» ushlangani haqida yozgandi.