
2026-yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga sayyohlik maqsadida kelgan 2,8 mlndan ortiq xorijliklarning yarmidan ko‘pi 31-55 yoshlilar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning dastlabki uch oyida mamlakatimizga jami 2 872 502 nafar chet el fuqarosi tashrif buyurgan. Ularning yosh toifasi bo‘yicha tahlili shuni ko‘rsatadiki, eng katta guruhni 31-55 yoshdagi sayyohlar (1,5 mln nafar) tashkil etadi. Undan keyingi o‘rinlarni 56 yosh va undan kattalar (543 ming nafar) hamda 19-30 yoshlilar (500 ming nafar) egallagan. 0-18 yoshli bolalar va o‘smirlar soni esa 301,2 ming nafarni tashkil qilgan.
Ushbu davr mobaynida O‘zbekistonga jami 164 ta davlatdan turistlar kelgan. Tashrif buyuruvchilar orasida jins bo‘yicha taqsimotda ham farq kuzatilgan: erkaklar soni 1,6 mln nafarni, ayollar soni esa 1,2 mln nafarni tashkil etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 3 oyda 1,6 milliondan ortiq o‘zbekistonlik xorijga sayohat qilgani haqida xabar bergan edi.