Yangiliklar

Texasda yuk poyezdi vagonidan 6 kishining jasadi topildi

Meksika chegarasiga yaqin stansiyada o‘tkazilgan odatiy tekshiruv davomida poyezd ichida tirik qolganlar topilmagan
Foto: Cheney Orr / Bloomberg / Getty Images

AQShning Texas shtati Laredo shahridagi yuk poyezdi vagoni ichidan yakshanba kuni 6 kishining jasadi topildi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Jasadlar Union Pacific yuk tashish kompaniyasiga tegishli poyezdda, mahalliy vaqt bilan soat 15:30 dan keyin odatiy tekshiruv vaqtida aniqlangan. Laredo politsiyasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha xodimi Xose Espinozaning aytishicha, vafot etganlarning yoshi va immigratsiya maqomi hozircha noma’lum bo‘lib, hech qanday tirik qolganlar topilmagan. Hodisa yuzasidan tergov harakatlari boshlangan.

Foto: YouTube / KSAT

Yakshanba kuni tushdan keyin Laredoda havo harorati sezilarli darajada issiq bo‘lgan, biroq o‘limga aynan issiqlik sabab bo‘lgani yoki yo‘qligi noaniq.

«Bu tergovning ilk bosqichi va hozircha oshkor qilinadigan ma’lumotlar ko‘p emas», – dedi politsiya vakili Djo Baeza.

Voqea sodir bo‘lgan Laredo shahri Texasning Meksika bilan savdo qiluvchi eng yirik markazlaridan biri hisoblanadi. 2024-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, shtat quruqlikdagi savdosining qariyb 62 foizi, ya’ni $340 mlrd miqdoridagi aylanma aynan shu hududga to‘g‘ri keladi. Hozirgi kunda AQSh Milliy xavfsizlik va bojxona organlari mahalliy politsiya bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Texasdagi tornado oqibatida besh kishi jarohatlandi va binolar vayron bo‘lgani haqida xabar bergan edi.