
10-may kuni Toshkent shahrida kuzatilgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida poytaxtning sakkizta tumanidagi 23 ta manzilda suv to‘planish holatlari qayd etildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, shu kuni yog‘ingarchilik miqdori 35 mm ni tashkil etgan va uning asosiy qismi ikki soatdan kamroq vaqt ichida yog‘gan. Taqqoslash uchun, poytaxtdagi mavjud suv oqizish tizimi bir kecha-kunduzda 20 mm gacha yog‘ingarchilikni qabul qilishga mo‘ljallangan. Eng ko‘p suv to‘planishi Mirzo Ulug‘bek (6 ta) va Shayxontohur (4 ta) tumanlarida kuzatildi.
Shuningdek, Yashnobod tumani 3 ta, Mirobod tumani 3 ta, Yakkasaroy tumani 1 ta, Olmazor tumani 2 ta, Chilonzor tumani 2 ta manzil va Yunusobod tumanida 2 ta manzilni suv bosgan.
Toshqinga nafaqat yog‘ingarchilikning kuchayishi, balki shahar infratuzilmasidagi ba’zi omillar ham sabab bo‘lgan. Xususan, suv oqizish tarmoqlarining chiqindilar bilan tiqilib qolishi, o‘zboshimchalik bilan qurilgan inshootlar hamda ariqlarning xo‘jalik ehtiyojlari uchun to‘sib qo‘yilishi holatni yanada murakkablashtirgan.
Oqibatlarni bartaraf etish uchun 60 dan ortiq maxsus texnikalar jalb etilib, muammo bir soat ichida to‘liq hal qilingan. Hozirda muammoli hududlarda qo‘shimcha 3 ta dyuker, yirik diametrli quvurlar hamda nasos agregatlarini o‘rnatish orqali tizimning o‘tkazuvchanlik quvvatini bir kecha-kunduzda 36 mm gacha oshirish ishlari rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan poytaxt ko‘chalarini yana suv bosgani haqida xabar bergan edi.