
Shavkat Mirziyoyev 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti doirasida boʻlib oʻtgan xalqaro anjuman qatnashchilari faoliyatiga omad va katta amaliy natijalar yor boʻlishini tiladi.
Nutqda Turkiyaning global siyosiy va iqtisodiy jarayonlardagi roli, shuningdek, O‘zbekiston bilan strategik sheriklik munosabatlari yangi bosqichga chiqqani alohida ta’kidlandi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik tenglik va o‘zaro ishonch tamoyillariga asoslanayotgani qayd etildi.
Shuningdek, chiqishda bugungi global muammolar, ya’ni suv tanqisligi, iqlim o‘zgarishi, cho‘llanish va ekologik muammolar haqida ham to‘xtalib o‘tildi. Markaziy Osiyoda bu jarayonlar yanada keskinlashayotgani, muzliklarning erishi va suv resurslarining kamayishi dolzarb masalaga aylangani aytildi.
O‘zbekiston ekologik barqarorlik yo‘lida «yashil» iqtisodiyotga o‘tish jarayonini davom ettirayotgani, «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida har yili katta miqdorda daraxtlar ekilayotgani va Orol dengizi hududida yashil maydonlar kengaytirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, mamlakat zararli chiqindilarni kamaytirish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va ekologik xavflarga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga tayyor ekani bildirildi.
Nutq yakunida O‘zbekiston global ekologik va iqtisodiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishi ta’kidlandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev Raxmatulla Jabbarovni faxriy unvon bilan taqdirlagani haqida yozgandi.