
Davlat xizmatlarini soddalashtirish doirasida 783 ta xizmatga «nol byurokratiya» tamoyilini joriy qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan davlat xizmatlarini koʻrsatish sohasida byurokratiyani qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimotda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, so‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida xizmatlar ko‘lami 10 barobar oshib, 61 mlndan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ularning 80 foizi onlayn shaklga o‘tkazilgan. Shu bilan birga, tizimda 5650 ta funksiya, 42 mingdan ziyod majburiy talab va 1041 ta davlat xizmati mavjudligi qayd etildi.
Yig‘ilishda ortiqcha tartib-taomillar, qog‘ozbozlik va takrorlanuvchi talablar hali ham saqlanib qolayotgani ta’kidlanib, bu holat tizim samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirildi. Prezident davlat boshqaruvida faqat soddalashtirish, raqamlashtirish va deregulyatsiya tamoyillari asosiy yo‘nalish bo‘lishi zarurligini qayd etdi.
Shu maqsadda 2030-yilgacha O‘zbekistonni «ortiqcha byurokratiyadan xoli hudud»ga aylantirish bo‘yicha «Byurokratiyani bartaraf etish – 2030» dasturi amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida davlat organlari funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan talablarni 20 foizgacha kamaytirish hamda elektron davlat xizmatlari ulushini 90 foizdan oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda 783 ta davlat xizmatiga «nol byurokratiya» tamoyilini joriy etish, 550 ta xizmatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, 80 ta xizmatni esa proaktiv va kompozit shaklga o‘tkazish taklif qilindi. Natijada xizmat ko‘rsatish bosqichlari ikki barobarga qisqarishi, ayrim xizmat muddatlari 13 kundan 6 kunga tushirilishi hamda aholining transport xarajatlari sezilarli kamayishi kutilmoqda. Shuningdek, ayrim xizmatlar to‘lovlari qisqartirilishi hisobiga aholida yiliga 851 mlrd so‘mgacha mablag‘ qolishi qayd etildi.
Yig‘ilishda davlat xizmatlarini «servis davlat» modeli asosida rivojlantirish, ortiqcha hujjat va talablarni bekor qilish, idoralar faoliyatini raqamlashtirish hamda yagona reyestr va tahlil tizimlarini joriy etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq pedagoglarga ayrim davlat xizmatlarida 50 foizlik chegirma berilishi haqida xabar qilgan edik.