
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, prezident farmoni bilan Klinik audit inspeksiyasi hamda uning hududiy bo‘linmalari, shuningdek, Kontent media-markazi tashkil etilishi ham belgilandi.
Sohada aholiga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash maqsadida Call-markaz hamda qayta aloqa (Feedback) tizimi autsorsing asosida yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu tizimlar orqali aholi murojaatlari, shikoyat va takliflari tezkor qabul qilinib, tegishli tashkilotlarga yo‘naltiriladi hamda tahlil qilinadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab tibbiyot assotsiatsiyalariga bir qator vakolatlar beriladi. Ular tibbiy yordam ko‘rsatish standartlarini ishlab chiqish va muhokamalarda ishtirok etish, tibbiy xizmatlar sifatini baholash jarayonlarida qatnashish hamda tibbiyot xodimlarining malakasini baholash, sertifikatlash va qayta tayyorlash jarayonlarida mustaqil ekspert sifatida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq xususiy klinikalar qurish uchun 200 mln dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochilishi haqida xabar bergan edik.