Yangiliklar

Davlat xaridlarida 7,2 milliard so‘mdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlandi

Bunday holatlarning oldini olish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berildi
Davlat xaridi
Davlat xaridlarida 7,2 milliard so‘mdan ortiq qonunbuzilishlar aniqlandi / Foto: Kursiv Uzbekistan

Respublikadagi oltita viloyatda davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan monitoringlar davomida 7,2 mlrd so‘mdan ziyod g‘ayriqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrida «Ma’no» MChJ tomonidan o‘tkazilgan 988 mln so‘mdan ortiq qiymatdagi eng yaxshi takliflarni tanlash savdosida qonun talablariga zid holatlar aniqlangan.

Surxondaryo viloyatida esa Sho‘rchi tumanidagi 125-sonli «Nurli maskan» ta’lim muassasasining 1,1 mlrd so‘mdan ortiq, viloyat kar va zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatining 371 mln so‘mdan ortiq hamda 68-maktab-internat davlat muassasasining qariyb 226 mln so‘mlik davlat xaridlari o‘rganilgan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida Guliston tumani Obodonlashtirish boshqarmasining 1 mlrd so‘mdan ortiq, Qashqadaryo viloyatida Qarshi shahar Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatining qariyb 364 mln so‘mlik, Andijon viloyatida Baliqchi tumani 2-son texnikumining 800 mln so‘mlik hamda Farg‘ona viloyatida Quva tumani Obodonlashtirish boshqarmasining 2,5 mlrd so‘mdan ortiq qiymatdagi xaridlari yuzasidan qonunbuzilishlar aniqlandi.

O‘rganishlar davomida «Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 29-moddasi talablari buzilgani, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki bunga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar mavjudligi qayd etilgan. Shu asosda buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qo‘mita aralashuvi bilan Golden House bo‘yicha bildirilgan shikoyatlardan keyin fuqarolar foydasiga 1,1 mlrd so‘m qaytarilgani haqida yozgan edik.