
Surxondaryo viloyatining Denov tumanida o‘tkazilgan kurash musobaqasi fojia bilan yakunlandi. Musobaqa vaqtida yigit ukasining mag‘lubiyati alamida raqibining otasiga qasddan pichoq sanchib o‘ldirdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov Kursiv Uzbekistan nashriga ma’lum qildi.
2026-yil 9-may kuni soat 14:30 larda Yangiariq mahallasidagi «Abu Ali Ibn Sino» nomidagi tibbiyot texnikumi o‘yingohida sportning milliy kurash turi bo‘yicha ommaviy tadbir o‘tkazilayotgan bo‘lgan. Doston Jabborov ukasi raqibidan mag‘lubiyatga uchraganidan g‘azablanib, mudhish jinoyatga qo‘l urgan.
U raqibining otasi el orasida mashhur kurashchi sifatida hurmat qozongan 41 yoshli Nizomiddin Cho‘tboyevning orqa tomonidan kelib, qasddan odam o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘ini uning biqin va orqa sohalariga 4 marotaba sanchgan.
Og‘ir tan jarohatlari olgan taniqli polvon tuman tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yetkazilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay o‘sha yerda vafot etgan.
Respublika sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga ko‘krak, bel va dumba sohalariga yetkazilgan, hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir jarohatlar sabab bo‘lgani tasdiqlangan. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish davomida 1 dona yog‘och dastali sariq rangli oshxona pichog‘i ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan 9-may kuni Denov tumani prokuraturasi tomonidan gumondor Jabborovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l» bandi (bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va u JPKning 221-moddasi tartibida qamoqqa olingan.
Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kosonsoyda yigit unashtirilgan qizini pichoqlab o‘ldirgani haqida xabar bergan edi.