Yangiliklar

Dunyoda oziq-ovqat narxlari ketma-ket uchinchi oy oshdi — FAO

Food and Agriculture Organization (FAO) ma’lumotlari e’lon qilindi
Oziq-ovqat narxlari barqarorligini ta’minlashda intervensiya tizimi joriy etiladi
Foto: Getty Images

2026-yil aprel oyida jahon oziq-ovqat narxlari yana ko‘tarildi. Bunga asosan o‘simlik yog‘lari, don mahsulotlari va guruch narxining oshishi sabab bo‘lgan. Bu haqda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (Food and Agriculture Organization (FAO) ma’lumotlari e’lon qilindi.

FAO oziq-ovqat narxlari indeksi aprel oyida 130,7 punktni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 1,6 foizga, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan esa 2 foizga oshgan.

Tashkilot ekspertlari Yaqin Sharqdagi mojaro va Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat global bozorlarga ta’sir qilayotganini qayd etdi. Energiya narxining yuqoriligi ham oziq-ovqat ishlab chiqarish xarajatlarini oshirgan.

Don mahsulotlari

Don mahsulotlari indeksi aprel oyida 0,8 foizga ko‘tarildi. Ayniqsa, bug‘doy narxi AQShdagi qurg‘oqchilik xavfi va Avstraliyada yog‘ingarchilik kamayishi prognozlari fonida oshgan. Bundan tashqari, qimmat o‘g‘itlar sabab fermerlar ayrim hududlarda bug‘doy ekinlarini qisqartirishi mumkinligi aytilmoqda.

Makkajo‘xori narxi ham Braziliyadagi ob-havo muammolari va AQShdagi quruq sharoit sabab ko‘tarilgan. Guruch indeksi esa 1,9 foizga oshib, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarining ortishi bilan izohlangan.

O‘simlik yog‘lari

Eng katta o‘sish o‘simlik yog‘lari bozorida kuzatildi. FAO ma’lumotiga ko‘ra, o‘simlik yog‘lari indeksi martga nisbatan 5,9 foizga oshib, 2022-yil iyulidan beri eng yuqori darajaga chiqdi. Palma, soya, kungaboqar va raps yog‘i narxlari keskin ko‘tarilgan.

Go‘sht mahsulotlari

Go‘sht narxlari ham rekord darajaga yetdi. Ayniqsa, mol go‘shti Braziliyadagi eksport narxlari oshishi fonida qimmatlashgan. Cho‘chqa go‘shti narxlari esa Yevropadagi mavsumiy talab sabab o‘sgan.

Biroq barcha mahsulotlarda ham o‘sish kuzatilmagan. Sut mahsulotlari indeksi 1,1 foizga pasaygan bo‘lsa, shakar narxlari mart oyiga nisbatan 4,7 foiz arzonlashgan. FAO bunga Braziliya, Xitoy va Tailanddagi yaxshi hosil prognozlari sabab bo‘layotganini ta’kidladi.

Tashkilotning prognoziga ko‘ra, 2025 – 2026-yil mavsumida dunyoda don mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 3 milliard tonnadan oshishi mumkin. Shunga qaramay, energiya va o‘g‘it narxlari bilan bog‘liq xavotirlar global bozordagi noaniqliklarni saqlab qolmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi aprel oyidagi inflyatsiya ko‘rsatkichlarini e’lon qilgani haqida yozgandi.