Banklar va moliya

Fond bozori: «O‘ztransgaz» aksiyalari 10 foizga oshdi

1-maydan 8-maygacha bo‘lgan davrda
AQSh Federal zaxira tizimi stavkani pasaytirdi, ammo Oracle natijalari fond bozoriga salbiy ta’sir qildi
Foto: ijtimoiy tarmoq

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 1-maydan 8-maygacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,1 foizga tushdi.

Ushbu davr mobaynida «O‘ztransgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 10 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Garant bank» (+7,47%) va «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalarida (+7,33%) ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «O‘zbektelekom» aksiyalari 12,04 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘zmetkombinat»ning ham oddiy, ham imziyozli aksiyalari pasayib, mos ravishda 10,45% va 9,99% bilan ajralib turdi. 

Bitimlar soni bo‘yicha Chilonzor buyum savdo kompleksi (1 438 ta), «O‘zbektelekom» (915 ta) va «Hamkorbank» (871 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (1,81 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (777,61 mln so‘m) va «O‘zbektelekom» (460,18 mln so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 16 tasi haftani ijobiy, 22 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 5,67 mlrd so‘m bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan UzNIF «Toshkent» respublika fond birjasida listingdan o‘tgani haqida xabar qilgandi. Unga ko‘ra, 7-maydan boshlab O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF)ning oddiy aksiyalari «Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)ning Stock Market maydonchasidagi Premium kategoriyasiga kiritildi.

UzNIF aksiyalariga obuna jarayoni London fond birjasi hamda «Toshkent» RFBda 2026-yil 12-mayga qadar davom etadi. Arizalar Buyuk Britaniya vaqti bilan soat 12:00 da, Toshkent vaqti bilan esa 17:00 da qabul qilish to‘xtatiladi.