Yangiliklar

«Forsaj» franshizasi asosida 4 ta serial suratga olinadi

Vin Dizel «Forsaj»ning to‘rtta yangi serial yaratilishini e’lon qildi
Foto: Splay

«Forsaj» (Fast & Furious) yulduzi va prodyuseri Vin Dizel franshiza asosida to‘rtta ko‘rsatuv yaratilayotganini e’lon qildi. Bu haqda Deadline nashri xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, seriallardan biri Peacock platformasida tayyorlanmoqda, boshqalari esa Universal Television tomonidan turli rivojlanish bosqichlarida. Serialga Vin Dizel prodyuserlik qiladi. Dastlabki qism ssenariysini Mayk Daniels va Vulf Koulman yozadi.

Universal Television tomonidan taqdim etilayotgan serial haqida hozircha to‘liq ma’lumot berilmagan. Vin Dizel va Sem Vinsent One Race orqali loyihaga prodyuserlik qilishadi. Shuningdek, «Forsaj» franshizasi prodyuseri Nil Morits, Original Film vakili Pavun Shetti hamda Kris Morgan va Jeff Kirshenbaum ham jamoada ishtirok etmoqda.

Vin Dizel avvaliga original filmning davomini suratga olishdan bosh tortgan bo‘lsa-da, so‘nggi o‘n yillikda muxlislarning qahramonlar tarixini kengaytirish istagini inobatga olganini ta’kidladi.

Foto: Universal Studios

«Biz uchun bu filmlar juda qadrli, biroq muxlislarimiz ko‘proq narsani xohlashayotganini angladik», – dedi Dizel.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Universal Studios rahbari Donna Lengli NBCUniversal bo‘limini o‘z zimmasiga olgach, bu loyihaga rozi bo‘lgan. Shuningdek, Vin Dizel, Morits va Morgan Netflix uchun DreamWorks Animation tomonidan yaratilayotgan «Forsaj» animatsion serialiga ham prodyuserlik qilmoqda.

Foto: YouTube

«Forsaj» filmlari seriyasi bu yil o‘zining 25 yilligini nishonlaydi. Kann kinofestivalida original filmning maxsus namoyishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda Vin Dizel va Nil Morits ham ishtirok etadi. Bugungi kunga qadar o‘n bitta filmdan iborat franshiza butun dunyo bo‘ylab kassa yig‘imlarida $7 mlrd dan ortiq daromad keltirdi. Franshizaning so‘nggi qismi «Fast Forever» 2028-yil 17-martda ekranlarga chiqishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Mortal Kombat 2» Rotten Tomatoes platformasida 75 foiz ijobiy reyting to‘plagani haqida xabar bergan edi.