
Hindiston Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar sababli yuzaga kelgan energiya taqchilligiga qaramay, AQSh sanksiyalari ostida qolgan Rossiya suyultirilgan tabiiy gazi (STG)ni qabul qilishdan bosh tortdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston vakillari o‘z qarorini 30-aprel kuni Nyu-Dehliga tashrif buyurgan Rossiya energetika vaziri o‘rinbosari Pavel Sorokinga ma’lum qilgan. Rad etilgan gaz Gazprom SPG Portovaya terminalidan Kunpeng tankeriga yuklangan bo‘lib, mazkur zavod 2025-yil oxirida AQSh sanksiyalariga uchragan edi.
Aprel oyi o‘rtalarida Hindiston tomon yo‘l olgan Kunpeng tankeri hozirda manzilini ko‘rsatmagan holda Singapur hududida bo‘lib turibdi va uning yuki taqdiri noma’lum. Manbalarga ko‘ra, Hindiston sanksiya ostida bo‘lmagan Rossiya gazini xarid qilishga tayyor, ammo uning katta qismi allaqachon Yevropa davlatlari bilan shartnomalashib bo‘lingan.
Ta’kidlanishicha, Xitoy Hindistondan farqli o‘laroq, sanksiya ostidagi Rossiya STG mahsulotini sotib olishda davom etib, uning yirik xaridorlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ikkita O‘zbekiston kompaniyasi YI sanksiyalar ro‘yxatiga tushgani haqida xabar bergan edi.