
Apple va Google qurilmalari foydalanuvchilari o‘rtasidagi xabar almashinuvida uzoq kutilgan xavfsizlik funksiyasi – end-to-end shifrlash joriy etilmoqda. Bu haqda Tech Crunch nashri ma’lum qildi.
End-to-end shifrlash xabarlar uzatilayotgan paytda ularni himoyalash imkonini beradi. Bu texnologiya tufayli xabarlarni xakerlar, hukumatlar yoki platforma egalari tomonidan kuzatish va o‘qish ancha qiyinlashadi. Shu vaqtgacha iPhone va Android qurilmalari o‘rtasidagi yozishmalar bunday himoyaga ega emas edi.
Yillar davomida iOS va Android foydalanuvchilari o‘rtasidagi yozishmalar bir qator noqulayliklarni keltirib chiqargan. Apple uzoq vaqt davomida SMS’ning takomillashtirilgan versiyasi hisoblangan RCS standartini qo‘llab-quvvatlamagan. Ushbu standart yozayotganini ko‘rsatish, xabar o‘qilganini bildirish, emoji reaksiyalar, uzunroq matn va shifrlash kabi imkoniyatlarni taqdim etadi.
Hozircha end-to-end shifrlangan RCS yozishmalari beta rejimida tarqatilmoqda va barcha foydalanuvchilarda mavjud bo‘lmasligi mumkin. Agar iPhone va Android o‘rtasidagi chat himoyalangan bo‘lsa, suhbat oynasida qulf belgisi paydo bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, Apple’ning iMessage xizmati esa 2011-yildan buyon shifrlangan holda ishlaydi. Android foydalanuvchilari orasidagi shifrlangan aloqa esa 2021-yildan joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple iOS 27 tizimida turli SI modellarini tanlash imkonini berishi haqida xabar qilgan edik.