Yangiliklar

Istanbul o‘zbekistonliklar uchun mashhur tranzit shaharga aylandi

Barcha tranzitlarning qariyb 19 foizi
Foto: depositphotos

Aviasales Uzbekistan tahliliga ko‘ra, 2026-yilda o‘zbekistonlik sayohatchilar eng ko‘p tranzit parvozlarni Istanbul orqali amalga oshirgan. Barcha tranzitlarning qariyb 19 foizi aynan shu shaharga to‘g‘ri kelgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, Istanbulning mashhurligi Yevropa, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerikaga qulay aviaqatnovlar mavjudligi bilan bog‘liq.

Reytingda Moskva va Boku keyingi o‘rinlarni egalladi. Ularning ulushi mos ravishda qariyb 11 foiz va 10 foizni tashkil etdi. Ushbu yo‘nalishlar MDH davlatlari va Yevropaga parvozlar uchun talab yuqori bo‘lib qolayotganini ko‘rsatdi.

Shuningdek, Osiyo yo‘nalishlariga qiziqish ham oshgan. Pekin, Urumchi, Guanchjou va Sian kabi Xitoy shaharlari orqali amalga oshirilgan tranzitlar umumiy hajmning 20 foizidan ortig‘ini tashkil etdi.

BAA shaharlari ham yetakchi yo‘nalishlar qatoridan joy oldi. Dubay, Sharja va Abu-Dabi orqali amalga oshirilgan tranzitlar jami tranzitlarning qariyb beshdan bir qismini tashkil qilgan.

Reytingga Varshava, Seul, Almati va Riga ham kirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar tobora ko‘proq yirik xalqaro aeroportlarni tanlamoqda. Chunki bunday shaharlarda qulay tranzit topish va arzonroq aviachiptalarni xarid qilish imkoniyati yuqori.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda biznes-klass parvozlariga qiziqish so‘nggi bir yil ichida 30 foizga ko‘paygani xabar qilingandi. O‘zbekistonlik yo‘lovchilar biznes-klassni yaqin yo‘nalishlar (Rossiya, Qozog‘iston, BAA) hamda AQSh, Xitoy, Janubiy Koreya va Germaniya kabi uzoq yo‘nalishlarda ko‘proq tanlamoqda.