Sport

Kannavaro Fayzullayev, Husanov va Shomurodov haqida nimalar dedi

Ayrim futbolchilarni hozirgi sport formasidagi ijobiy jihatlari qayd etildi
Kannavaro Fayzullayev, Husanov va Shomurodov haqida nimalar dedi / Foto: O‘FA

Jahon chempionati va Osiyo kubogiga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida O‘zbekiston futbol terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro futbolchilar holati va kelgusi rejalar haqida fikr bildirdi. Bu haqda O‘FA ma’lum qildi.

Kannavaro o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun imkon qadar kuchli raqiblar tanlanganini, bu jarayonda murabbiylar shtabi bilan birgalikda tahlillar asosida jamoaga foydali bo‘ladigan terma jamoalar saralab olinganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Kanada va Niderlandiya kabi kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlar futbolchilar uchun muhim tajriba bo‘lib xizmat qiladi.

«O‘FAning xalqaro federatsiyalar bilan yo‘lga qo‘yilgan samarali hamkorligi bizga ana shunday kuchli raqiblarga qarshi o‘yin tashkil etishda katta yordam berdi. Ishonamanki, ushbu uchrashuvlar orqali jamoamiz o‘zi uchun muhim xulosalarga ega bo‘ladi, futbolchilarimiz esa yuqori saviyadagi uchrashuvlarda tajriba olishda davom etishadi», – dedi Kannavaro.

Foto: O‘FA

Murabbiy ayrim futbolchilar, xususan, Jaloliddin Masharipov, Abbos Fayzullayev, Abduqodir Husanov va Eldor Shomurodov haqida alohida to‘xtalib, ularning hozirgi holatini baholadi. U Masharipov tajribali futbolchi ekanini, optimal formaga chiqsa jamoaga katta foyda keltirishini aytdi. Fayzullayevning so‘nggi o‘yinlardagi gollari va mehnatkashligi, Husanov hamda Shomurodovning esa hozirgi sport formasidagi ijobiy jihatlari qayd etildi.

Shu bilan birga, Kannavaro ayrim futbolchilar jarohat yoki o‘yin amaliyoti yetishmasligi sabab optimal holatda emasligini, biroq tiklanish uchun vaqt yetarli ekanini bildirdi. Uning fikricha, jamoa uchun eng muhimi bosim ostida emas, balki o‘yindan zavq olib harakat qilishdir.

«Mening asosiy ambitsiyalarimdan biri — Osiyo kubogini yutish. Biz bu maqsad yo‘lida bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Jahon chempionati esa biz uchun tajriba maydoni bo‘lsa, Osiyo kubogida esa natija uchun kurashamiz», – deya ta’kidladi bosh murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilda Shimoliy Amerikada bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etuvchi jamoalarning o‘yinlar taqvimi e’lon qilingan edi.