
Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev «Uzbekistan Energy Week – 2026» forumida energetika sohasiga kiritilgan yirik investitsiyalar va erishilgan natijalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
«So‘nggi yillarda O‘zbekiston energetika sohasiga qariyb $35 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi», – dedi Xodjayev.

Bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston energetikani sanoat, investorlar, aholi va «yashil» transformatsiya uchun eng kuchli ustunlardan biriga aylantirishni maqsad qilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida energetika sohasi xususiy investitsiyalar uchun ochilgan, davlat-xususiy sheriklikning zamonaviy mexanizmlari joriy etilgan va investorlar uchun shaffof qoidalar yaratilgan.

Natijada so‘nggi yillarda sohaga qariyb $35 mlrd miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jalb etilgan va 9 gigavatt yangi generatsiya quvvatlari ishga tushirilgan. Buning hisobiga mamlakatning umumiy generatsiya quvvati 25,8 gigavattga yetgan.

Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi qariyb 40 foizga oshib, 60 mlrd kilovatt-soatdan 85 mlrd kilovatt-soatga ko‘paygan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda 116 million dollarlik shamol elektr stansiyasi qurilishi haqida xabar bergan edi.