Yangiliklar

Surxondaryoda sudya katta yordamchisi 53 ming dollar bilan qo‘lga tushdi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Surxondaryoda sudya katta yordamchisi 53 ming dollar bilan qo‘lga tushdi / Foto: DXX

Surxondaryo viloyati sudining sudya katta yordamchisi jinoyat ishi bo‘yicha sud qarorlariga ta’sir ko‘rsatish evaziga $53 ming olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, sudya katta yordamchisi jinoyat ishlari bo‘yicha Angor tumani sudi ish yurituvida bo‘lgan ikki nafar sudlanuvchiga nisbatan aniqlangan 6,3 mlrd so‘mlik zarar miqdorini qayta baholash haqida sud ajrimi chiqarish orqali kamaytirish va ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatishni va’da qilgan.

Shuningdek, dastlabki tergov davrida qo‘llangan «qamoq» ehtiyot chorasini bekor qildirishini ham bildirgan. Buning evaziga u sudlanuvchilarning qarindoshidan $53 ming olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Prokuratura organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm, Toshkent va Qoraqalpog‘istonda pora talab qilgan mansabdorlar ushlangan edi.