
Tailanddagi ko‘rshapalaklarda koronavirusning yangi varianti aniqlandi. Bu haqda Tailand sog‘liqni saqlash vazirligining kasalliklarni nazorat qilish departamenti xabar bermoqda.
Dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mazkur virus insoniyat uchun jiddiy xavf tug‘dirmaydi.
Yangi virus yovvoyi tabiatni kuzatish tizimi orqali kasalliklarning hayvonlardan insonlarga tarqalish ehtimolini o‘rganish maqsadida o‘tkazilgan «Yagona salomatlik» dasturi doirasida kashf qilingan.
Hozirgacha ushbu virus bilan odamlarning kasallanishi qayd etilmagan. U COVID-19 ga nisbatan yuqumliligi va tarqalish tezligi bo‘yicha ancha past ekani aytilmoqda.

Shu yilning 9-may kuni Tailand ijtimoiy tarmoqlarida yangi koronavirus haqida ko‘plab xabarlar tarqalib, aholi o‘rtasida xavotir uyg‘otdi. Raqamli iqtisodiyot vazirligining rasmiy vakili Vetxang Pxuangsap bu xabarlarning to‘g‘riligini tasdiqladi va ayni paytda vahimaga o‘rin yo‘qligini eslatib o‘tdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kruiz kemasida hantavirus tarqalishi oqibatida uch kishi vafot etgani haqida xabar bergan edi.