Yangiliklar

Uy sharoitida qon bosimi tushganda birinchi yordam berish usullari

Uy sharoitida qo‘l keladigan tavsiyalar
Foto: Getty Images

Arterial gipotenziya, ya’ni qon bosimining me’yordan pasayishi jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Agar sistolik bosim 100 dan, diastolik ko‘rsatkich esa 60 dan past bo‘lsa, organizmda qon aylanishi sustlashib, miya va yurak kislorod yetishmovchiligiga duch keladi.

Shifokorlar past qon bosimi odatda bosh aylanishi, quloqda shovqin, ko‘z oldi qorong‘ilashishi, holsizlik, uyquchanlik va hushdan ketish bilan namoyon bo‘lishini aytadi. Ayrim ayollarda esa hayz sikli buzilishi ham kuzatiladi.

Shifokor qabuliga borishdan oldin yoki tibbiyot xodimi lohaslikka olib kelgan tashxisni aniqlagunga qadar uy sharoitida amalga oshirish mumkin bo‘lgan oddiy foydali tavsiyalar ham mavjud.

Kursiv Uzbekistan uy sharoitida past qon bosimini ko‘tarishning bir nechta samarali usullarini keltirib o‘tadi.

Ko‘proq suv ichish

1-2 stakan suv ichish qon hajmini oshirib, suvsizlik sababli tushgan bosimni tezroq tiklashga yordam beradi. Eng oddiy va xavfsiz usullardan biri hisoblanadi.

Kompression paypoq yoki chulkilar

Maxsus siquvchi paypoqlar oyoqlarda qon to‘planishini kamaytiradi va uni yuqoriga yo‘naltiradi. Shu orqali yurak va miya tomirlaridagi bosim biroz oshadi.

Kofe ichish

Kofein ayrim odamlarda qon bosimini vaqtincha ko‘tarishi mumkin, ayniqsa, kam iste’mol qiladiganlarda. Biroq bu usul hamma uchun bir xil samara bermaydi.

To‘g‘ri tana holati

Oyoqlarni chalishtirib o‘tirish yoki yotganda oyoqlarni balandroq qo‘yish qon aylanishini yaxshilaydi va bosh aylanishini kamaytirishi mumkin.

Tuzli mahsulotlar iste’moli

Tuz tarkibidagi natriy qon bosimini tez ko‘tarishi mumkin. Tuzlangan ovqatlar vaqtincha yordam beradi, ammo ko‘p iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, chunki yurak va buyraklarga zarar yetkazishi mumkin.

Qon bosimining pasayishi stress, noto‘g‘ri ovqatlanish, suvsizlanish, qon yo‘qotish, infeksiya yoki endokrin tizimdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayrim hollarda bu boshqa kasalliklarning belgisi sifatida ham namoyon bo‘ladi.

Uyda ko‘rilgan choralar muammoni butunlay hal qilmasligini yodda tuting. Tibbiy aralashuv kechiktirilmasligi lozim, shuning uchun birinchi yordamdan so‘ng shifokorga murojaat qilish yoki shoshilinch yordam chaqirish muhimdir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «qon bosimi» qanday hollarda kuzatilishi haqida yozgandi.