Yangiliklar

2030-yilgacha oziq-ovqat eksporti 10 mlrd dollarga yetkaziladi

Oziq-ovqat eksporti geografiyasi 100 ta davlatga kengaytiriladi
Foto: Kabar

O‘zbekiston oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 2030-yilgacha $10 mlrdga yetkazish va eksport yo‘nalishlarini yana 100 ta davlatga ko‘paytirishni maqsad qilgan. Bu haqda prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda xabar berildi.

Yig‘ilishda ushbu marralarga erishish uchun oziq-ovqat xavfsizligi tizimi xalqaro standartlarga to‘liq mos bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi. Chunki, ayni paytda oziq-ovqat xavfsizligi va nazorati bilan uchta idora shug‘ullanib, ular o‘rtasida yagona ma’lumotlar bazasi mavjud emas.

Vazifa va funksiyalarning bir-birini takrorlashi oqibatida, tadbirkorlar eksport-import jarayonlarida turli to‘siqlarga uchrashmoqda. Xususan, O‘simliklar karantini agentligida 100 ta, Veterinariya qo‘mitasida 115 ta, sanitariya-epidemiologiya tizimida 44 ta vazifa bor bo‘lib, mahsulotni daladan iste’molchigacha kuzatib borish mexanizmi to‘liq ishga tushmagan.

Mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va eksport qilish uchun yetarli imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bugungi kunda mavjud 4 mln gektar ekin maydoni, 1,5 mln tonna sig‘imli saqlash omborlari va 3,5 mln tonna qayta ishlash quvvatlari hisobiga aholi oziq-ovqat bilan ta’minlanib, $4 mlrd.lik mahsulot eksportiga zamin yaratilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilning ilk choragida 12,2 mlrd dollarlik import amalga oshirilgani haqida xabar bergan edi.