
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Unda 20 yildan kam bo‘lmagan xizmat stajiga ega harbiy xizmatchilarga yiliga bir marta BHM miqdorining 100 baravarigacha (41,2 mln so‘m) moddiy yordam ajratish nazarda tutilgan.
Qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar harbiy xizmatchilarining huquqiy maqomi, xizmat o‘tash shartlari, intizom talablari hamda ularning huquq va majburiyatlari aniq belgilab berilmoqda. Shuningdek, harbiy xizmatchi maqomini olish va bekor qilish tartibi ham hujjatda aks ettirilgan.
Loyihada harbiy xizmatchilarni moddiy ta’minlash, tibbiy xizmat, uy-joy bilan ta’minlash, pensiya va sug‘urta tizimi hamda xizmat davomida yoki undan keyin yuzaga keladigan holatlar uchun kompensatsiya to‘lovlari kabi kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, 20 yildan kam bo‘lmagan xizmat stajiga ega harbiy xizmatchilarga sanatoriy-kurortlarga 75 foizlik imtiyoz bilan yo‘llanma berish, shuningdek yiliga bir marta BHM (412 ming so‘m) miqdorining 100 baravarigacha moddiy yordam ajratish imkoniyati ham nazarda tutilgan.
Deputatlar muhokamalar davomida ushbu qonun loyihasi harbiy xizmatchilarning huquqiy maqomini aniqlashtirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda harbiy xizmat nufuzini oshirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar. Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya oshirilishi taklif etilgan edi.