Sport

Husanov «Everton» bilan o‘yinda jarohat oldi — Gvardiola

Foto: Getty Images

«Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola klubning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Husanovning jarohat olganini ma’lum qildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Siti» ustozi Husanov hamda Rodri haqida ma’lumot berarkan, ularning har ikkisi ham o‘zini yaxshi his qilayotganini ta’kidlagan. Murabbiyning aytishicha, Husanov «Everton» jamoasi hujumchisi Beto bilan to‘qnashuvda qattiq zarba qabul qilib olgan, ammo ayni paytda o‘zbekistonlik himoyachining holati yaxshi.

Foto: Getty Images

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov «Everton» bilan 3:3 hisobida yakunlangan o‘yinda jarohat olgan va shu sababli «Brentford»ga qarshi o‘yinni (3:0) o‘tkazib yuborgandi. Shuningdek, «Siti» yarim himoyachisi Rodri ham o‘tgan oyda «Arsenal» ustidan qozonilgan g‘alabadan (2:1) so‘ng mushaklaridan jarohat olib, safdan chiqqan edi.

Ma’lumot uchun, «Manchester Siti» o‘zining navbatdagi uchrashuvini 14-mayga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan tungi soat 00:00 da o‘z maydonida «Kristal Pelas»ga qarshi o‘tkazadi. Ayni paytda Gvardiola jamoasi peshqadam «Arsenal» bilan oradagi farqni ikki ochkogacha qisqartirish uchun harakat qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Chelsi» klubi Abduqodir Husanov vakillari bilan aloqaga chiqqani haqida xabar bergan edi.