
O‘zbekistonda maqsadli ipoteka omonati tizimi shu yilning 1-iyul sanasidan sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligida «O‘zbekistonda ipoteka bozori va uy-joy subsidiyasi: tahlil, imkoniyatlar va yangi yondashuvlar» mavzusida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Ushbu maqolada quyidagilar bilan tanishish mumkin:
- Maqsadli ipoteka omonati tizimi
- «Yangi O‘zbekiston» massivlari
- Ipoteka hajmi oshmoqda
- Subsidiyalar tizimi samaradorligi oshgan
- Pedagoglar uchun yangi imtiyoz
- Ikkilamchi bozor uchun ipoteka subsidiyasi
- Yoshlar uchun ipoteka dasturi
Maqsadli ipoteka omonati tizimi

Unga ko‘ra, yangi tizim Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi 29-son farmoniga asosan ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tariqasida yo‘lga qo‘yiladi.
Yangi mexanizm orqali subsidiya xabarnomasiga ega fuqarolar ipoteka krediti uchun boshlang‘ich badalni shakllantirish maqsadida maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘arishi mumkin bo‘ladi. Bunda fuqaro dastlabki badalning yetmayotgan qismini 12 oy davomida omonatga yig‘adi.
Shuningdek, ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badal uchun ajratiladigan davlat subsidiyasi ham bevosita ushbu omonat hisobiga yo‘naltiriladi. Omonatdagi mablag‘larga tijorat banklari tomonidan bozor stavkasida foiz hisoblanadi.
Shu bilan birga, omonat muddati yakunlangach, jamg‘arilgan mablag‘ va hisoblangan foizlar ipoteka krediti uchun boshlang‘ich badal sifatida ishlatiladi.
«Yangi O‘zbekiston» massivlari
Muloqot davomida mamlakatda uy-joy siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ipoteka kreditlash tizimidagi o‘zgarishlar va aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qoplash bo‘yicha yangi mexanizmlar muhokama qilindi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, 2020-yildan boshlab ipoteka bozorida bozor tamoyillariga asoslangan yangi tizim joriy etilgan. Shu davr mobaynida daromadi nisbatan past qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiya mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, «Yangi O‘zbekiston» massivlari qurilishi kengaytirildi.

Jumladan, ayni paytda mamlakatda 56 ta massiv mavjud bo‘lsa, 2026-yilda ularning soni 61 taga yetkaziladi. 2040-yilga borib esa respublika bo‘yicha jami 120 ta «Yangi O‘zbekiston» massivini barpo etish rejalashtirilgan.
Ipoteka hajmi oshmoqda
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2020–2025-yillar davomida ipoteka kreditlari hajmi muntazam o‘sib borgan. 2025-yilda ajratilgan ipoteka kreditlari miqdori 21,2 trillion so‘mga yetgan.

2026-yilda esa uy-joy dasturlari uchun jami 23 trillion so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilmoqda. Mablag‘larning:
- 12,3 trillion so‘mi davlat budjeti,
- 7,7 trillion so‘mi tijorat banklari,
- 3 trillion so‘mi esa Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mazkur resurslar hisobidan 73 mingdan ortiq oilaning yangi uy-joy bilan ta’minlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, ipoteka kreditlarining maksimal miqdori:
- Toshkent shahrida — 480 mln so‘m,
- hududlarda esa — 380 mln so‘mgacha oshirilgani ma’lum qilindi.
Subsidiyalar tizimi samaradorligi oshgan
Ochiq muloqotda ipoteka subsidiyalarini ajratish tizimidagi natijalar ham e’lon qilindi.
Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda subsidiya masalasida 5,5 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan va ularning 69 foizi ijobiy hal etilgan. 2025-yilda murojaatlar soni 37 foizga kamaygan, ijobiy yechimlar ulushi esa 91 foizgacha oshgan.
Bugungi kunda subsidiya olish uchun arizalar subsidiya.idm.uz platformasi orqali avtomatik tarzda ko‘rib chiqiladi. Jarayon inson omilisiz amalga oshirilayotgani tizim shaffofligini oshirgani ta’kidlandi.
Pedagoglar uchun yangi imtiyoz
2026-yildan boshlab uzoq yillik tajribaga ega pedagoglar uchun alohida subsidiya mexanizmi joriy etildi.
Yangi tartibga ko‘ra, oliy malaka toifasiga va kamida 15 yillik ish stajiga ega o‘qituvchilarning ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Mazkur maqsad uchun har yili budjetdan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Ikkilamchi bozor uchun ipoteka subsidiyasi
O‘zbekistonda ipoteka subsidiyalarini ikkilamchi uy-joy bozoriga tatbiq etish masalasi hozircha kun tartibiga kiritilmagan.
Qayd etilishicha, davlat budjeti hisobidan ajratilayotgan subsidiya mablag‘lari ayni paytda faqat birlamchi uy-joy bozori uchun yo‘naltirilmoqda. Mutasaddilar bunga bir nechta asosiy sabablarni keltirdi.
Birinchidan, yangi qurilgan uy-joylar orqali aholini zamonaviy va energiya samarador turar joylarga ko‘chirish rag‘batlantirilmoqda. Ikkinchidan esa birlamchi bozordagi qurilish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali qurilish sanoati va unga bog‘liq iqtisodiy tarmoqlarda faollikni oshirish maqsad qilingan.
Rasmiylarga ko‘ra, uy-joy qurilishi iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biri bo‘lib, subsidiya mexanizmi nafaqat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, balki iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish vositasi sifatida ham qaralmoqda.
Shu bilan birga, mutasaddilar kelgusida ayrim yo‘nalishlar yoki alohida mexanizmlar doirasida ikkilamchi bozorda ham subsidiya ajratish imkoniyati istisno etilmasligini bildirdi.
Yoshlar uchun ipoteka dasturi
Ochiq muloqotda yoshlar uchun ipoteka dasturlari masalasi ham ko‘tarildi. Xususan, «O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasida yoshlar toifasi 30 yoshgacha etib belgilanganiga aniqlik kiritildi.
Vazirlik vakillari ta’kidlashicha, yosh chegarasini oshirish masalasi ipoteka tizimidan ko‘ra, umumiy yoshlar siyosati bilan bog‘liq. Shu sababli, yoshlar toifasi bo‘yicha o‘zgarishlar avvalo yoshlarga oid davlat siyosati doirasida ko‘rib chiqiladi va ipoteka dasturlari ham ana shu mezonlarga moslashtiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yosh oilalar uchun ipoteka kreditlariga yangi tartib joriy etilishi haqida yozgandi.