Banklar va moliya

MB aprel oyida ikkita bank va ikkita mikromoliya tashkilotiga jarima qo‘llandi

6 ta yig‘ilish davomida jami 30 ta masalani ko‘rib chiqdi
Markaziy bank
Foto: Markaziy bank matbuot xizmati

Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil aprel oyida o‘tkazilgan 6 ta yig‘ilish davomida jami 30 ta masalani ko‘rib chiqdi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.

Tekshiruvlar davomida aniqlangan kamchiliklar va qonunchilik talablariga rioya qilinmagani sababli ikkita bank hamda ikkita mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Qo‘mita tomonidan ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishidagi 21 ta masala muhokama qilindi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga o‘zgartirish kiritishni ro‘yxatdan o‘tkazish, ustav fondidagi ulushlarga egalik qilish uchun ruxsat berish hamda banklarda audit o‘tkazish huquqini olish bilan bog‘liq masalalar bor.

Shuningdek, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, muhim ahamiyatga ega xodimlar lavozimlariga tavsiya etilgan 15 nafar nomzod ko‘rib chiqilgan.

Qo‘mita kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 9 ta masalani ham tahlil qildi. Unda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, bank hamda nobank kredit tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya va o‘rganishlar natijalari muhokama qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan buxorolik ayol «Markaziy bank xodimi»ga ishonib bir milliard so‘mdan ayrilgani haqida yozgandi.