Sport

Osiyo chempionati: O‘zbekistonlik 16 bokschi finalda

O‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finalida O‘zbekiston nomidan 16 nafar bokschi ishtirok etadi
Foto: Boxing Uzbekistan

O‘smirlar o‘rtasidagi boks bo‘yicha Osiyo chempionatining yarim final bahslari yakunlanib, finalchilar nomi ma’lum bo‘ldi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi 16 nafar bokschi bilan finalga yo‘llanma olib, yetakchilik qilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi xabar berdi.

Foto: Boxing Uzbekistan

O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida 6 nafar qiz va 10 nafar o‘g‘il bola finalda ringga ko‘tariladi. Bu borada ikkinchi natijani Qozog‘iston terma jamoasi qayd etdi. Ular 11 nafar bokschi (5 nafar qiz, 6 nafar o‘g‘il bola) bilan final bosqichiga yetib kelgan.

Foto: Boxing Uzbekistan

Kuchli uchlikni esa Hindiston terma jamoasi yakunlab turibdi. Hindistonlik 9 nafar (8 nafar qiz, 1 nafar o‘g‘il bola) charm qo‘lqop ustasi finalda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan.

Foto: Boxing Uzbekistan

Shuningdek, finalda Xitoydan 4 nafar, Erondan 3 nafar, Yaponiya va Tojikistondan 2 nafardan bokschi qatnashadi. Vetnam, Turkmaniston, Mo‘g‘uliston, Bahrayn va Iordaniya kabi davlatlardan esa bittadan sportchi finalga yo‘llanma olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bahodir Jalolov 18-jangida ham g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edi.