
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondan eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibida pestitsid qoldiqlari mavjudligi yuzasidan 25 ta ogohlantirish yuborgan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda xabar berildi.
Eksport mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va xalqaro bozorlardagi muammolarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekistonda Oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligi qo‘mitasi tashkil qilindi.

Qo‘mita O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya qo‘mitasi hamda Sanepidqo‘mitaning tegishli yo‘nalishlari asosida faoliyat yuritadi. Ushbu tuzilmaga Azizbek Urunov rahbar etib tayinlangan. Yangi tizimda oziq-ovqat mahsulotlarini majburiy sertifikatlash tartibi bekor qilinib, xavfga asoslangan tekshiruvlar joriy etiladi.
2029-yil 1-yanvardan boshlab meva-sabzavot eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshirilishi belgilangan. Hozirda respublikadagi 80 mingta obyektdan faqat 2 foizida ushbu zamonaviy tartib ishlamoqda. Shuningdek, 2027-yildan boshlab laboratoriya tekshiruvi, hayvonlarni emlash va dezinfeksiya kabi davlat xizmatlari xususiy sektorga o‘tkaziladi. Hokimliklarga yil yakuniga qadar ikkitadan xususiy laboratoriya tashkil etish vazifasi yuklatildi.
Mahsulotlar harakatini kuzatish uchun «Agro ko‘makchi» mobil ilovasi orqali elektron «Dala daftari» tarmog‘i ishga tushiriladi va sun’iy intellekt orqali zararkunandalarning tarqalishi bashorat qilinadi. Bu islohotlar bojxona tizimi bilan ham integratsiya qilinib, importda nazorat muddati 9 kundan 2 kunga, eksportda esa 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi, bu esa tadbirkorlarning 70 mlrd so‘m mablag‘ini tejaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2030-yilgacha oziq-ovqat eksporti 10 mlrd dollarga yetkazilishi haqida xabar bergan edi.