
O‘zbekistonda qoramollar soni 16,5 mlnga, qo‘y va echkilar 30 mlnga, parrandalar esa 141 mlnga yetkaziladi. Bu haqda prezident ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 25 yilda dunyo mamlakatlarining 42 foizida qoramollar soni 12 foizga qisqargan. O‘zbekistonda esa 16 mln gektar yaylov mavjud bo‘lib, hozirda uning atigi 10 foizidan foydalanilmoqda. Sohani rivojlantirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatdan bittadan tuman chorvachilikka ixtisoslashtiriladi.

Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tashkil etilib, agentlik oldiga go‘sht va sutni qayta ishlashni 50 foizga, nasldor qoramollar ulushini 90 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Ixtisoslashgan tumanlarda paxta va g‘alla yerlarining 50 foiziga ozuqabop ekinlar ekish ruxsat etiladi. Yil oxirigacha kamida 10 gektar yeri bor qariyb 29 mingta fermer xo‘jaligida 2 mln bosh qoramol boqish yo‘lga qo‘yiladi.
Sohani moliyalashtirish maqsadida tijorat banklariga 1 trln so‘m va $50 mln resurs yo‘naltiriladi. 1-iyundan boshlab banklar orqali yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi. Joriy yilda jami 5,5 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirilib, qoramollar sonini 400 mingtaga oshirish kutilmoqda.

Naslchilikni yaxshilash uchun xonadonlarda sun’iy urug‘lantirilgan har bir nasldor buzoq uchun 500 ming so‘mdan, embrion ko‘chirilganda esa 700 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi. Bu maqsadlarga Davlat budjetidan qo‘shimcha 50 mlrd so‘m ajratiladi. Shuningdek, nasldor chorva import qiluvchilar 2029-yilgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan chorvachilikda sanitariya va epidemiologik xavfsizlik kuchaytirilishi haqida xabar bergan edi.