Yangiliklar

O‘zbekistonning «Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshi parvozi 20-iyunga qoldirildi

Sun’iy yo‘ldosh uchirilishi texnik sabablarga ko‘ra 31-maydan 20-iyunga ko‘chirilgan
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan «Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshini shu yilning 20-iyun sanasida parvozga tayyorlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov ma’lum qildi.

13-may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida «O‘zbekkosmos» vakillari mamlakat kosmik dasturi bo‘yicha eng muhim uch yo‘nalishni ochiqladi: ilk kosmonavt parvozi, sun’iy yo‘ldosh loyihalari va kosmik monitoring tizimlarining amaliy samarasi.

Samarqand 2028: Xitoy bilan sun’iy yo‘ldosh va SI texnologiyasi

Muxiddin Ibragimovning ma’lum qilishicha, eng muhim loyihalardan biri — Xitoy bilan hamkorlikda ishlab chiqilayotgan «Samarqand 2028» sun’iy yo‘ldoshi hisoblanadi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/img_0305-1.mp4
Video: Kursiv Uzbekistan

Sun’iy yo‘ldosh to‘liq Xitoyda ishlab chiqarilsa-da, O‘zbekiston tomoni unga sun’iy intellekt modulini qo‘shmoqda. Ushbu tizim sun’iy yo‘ldoshning o‘zida tasvirlarni qayta ishlab, Yerga tayyor analitik ma’lumot yuboradi.

Natijada ma’lumotlarni qayta ishlash vaqti 24–48 soatga qisqarishi kutilmoqda. Loyiha nomi ham 2028-yilda Samarqandda o‘tadigan global kongressga brend sifatida bog‘langan.

Shuningdek, sun’iy yo‘ldosh uchirilishi texnik sabablarga ko‘ra 31-maydan 20-iyunga ko‘chirilgani ma’lum qilindi.

Ilk o‘zbek kosmonavti: 2028-yilga mo‘ljallangan tarixiy parvoz

O‘zbekiston ilk kosmonavtini 2028-yil oktabrigacha kosmosga uchirish va sog‘-omon qaytarishni rejalashtirilgan. Bu sana tasodifiy emas, aynan shu davrda Samarqandda Xalqaro astronavtika kongressi ham o‘tkaziladi.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/05/img_0304-1.mp4
Video: Kursiv Uzbekistan

Kosmonavt tanlash va tayyorgarlik jarayoni xalqaro standartlar asosida olib boriladi. Nomzodlar tibbiy, psixologik va jismoniy sinovlardan o‘tadi, so‘ngra 6–9 oylik tayyorgarlik AQSр, Rossiya yoki Xitoyda amalga oshirilishi mumkin. Rejaga ko‘ra, parvoz 10–14 kunlik qisqa missiya bo‘lib, unda ochiq kosmosga chiqish ko‘zda tutilmagan.

Kosmik monitoring: ekologiya, qishloq xo‘jaligi va suv nazorati

Kosmik monitoring tizimlari amaliy natijalar bera boshlagan. Rasmiy raqamlarga ko‘ra, dala yong‘inlari 2024-yilda 2,2 mingta bo‘lsa, 2025-yilda 130 taga tushib, qariyb 94 foizga kamaygan.

Umumiy tendensiyada ham dala yong‘inlari so‘nggi yillarda 36 foizga qisqargani qayd etildi. Bu jarayonda prokuratura, ekologiya va qishloq xo‘jaligi organlari bilan har kuni ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, daraxt kesilishi va yashil hududlarning qisqarishini kuzatish bo‘yicha ham yangi tizim joriy etilgan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari har kuni tahlil qilinadi va 24 soat ichida aniqlangan holatlar Ekologiya qo‘mitasi hamda O‘rmon xo‘jaligi agentligiga yuboriladi. «Xalq nazorati» moduli orqali fuqarolar ham tizimga rasm va ma’lumot yuklab, jarayonda bevosita ishtirok etishi mumkin. Bu tizim pilot sifatida avval Toshkentda sinovdan o‘tgan va yuqori samaradorlik ko‘rsatgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston ilk kosmik parvozda qaysi davlat bilan hamkorlik qilishi haqida yozgandi.