Yangiliklar

Qamchibek Tashiyev ishi sudga oshirildi

Sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari
Qamchibek Tashiyev Futbol ittifoqi rahbarligidan o‘z ixtiyori bilan ketdi
Foto: Vzglyad.uz

Qirg‘iziston sobiq Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyevga oid jinoyat ishi sudga yuborildi. Bu haqda uning advokati Ikramidin Aytkulov ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Akipress.

Qirg‘iziston Bosh prokuraturasi Tashiyevga nisbatan ayblov xulosasini tasdiqlagan. U hokimiyatni kuch bilan egallashga tayyorgarlik ko‘rish va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda gumon qilinmoqda.

Ish Bishkekdagi Pervomaysk tuman sudiga yuborilgan. Mazkur ish bo‘yicha yana yetti nafar ayblanuvchi ham o‘tmoqda.

Advokatning aytishicha, jinoyat ishi maxfiylashtirilgan. Shu sababli barcha sud majlislari yopiq tarzda o‘tkaziladi va tergov hamda sud materiallarini oshkor qilish taqiqlanadi.

Avvalroq Tashiyev so‘roqqa chaqirilgani, unga ayblov e’lon qilingani va keyin mamlakatdan chiqmaslik sharti bilan qo‘yib yuborilgani xabar qilingan edi.

Kamchibek Tashiyev joriy yilning 10-fevral kuni vazirlar mahkamasi raisining birinchi o‘rinbosari hamda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari lavozimidan chetlatilgan.