Yangiliklar

Qozog‘istonda 2026-yilning oktabrida foizsiz ipoteka joriy etilishi mumkin

Litsenziyalash jarayonlari yakunlangach
Qozog‘istonda 2026-yil oktabrida foizsiz ipoteka joriy etilishi mumkin / Foto: UAB

Qozog‘istonda islomiy tamoyillarga asoslangan yangi ipoteka mahsuloti 2026-yilning kuzida joriy etilishi mumkin. Bu haqda Otbası bank boshqaruvi raisi Lazzat Ibragimova Kazinform agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, hozirda islomiy ipoteka mahsuloti chuqur o‘rganilmoqda va mamlakatda unga bo‘lgan talab yuqori hisoblanadi.

Shuningdek, Qozog‘istonda moliyaviy tartibga solishni takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi parlamentda ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur tashabbus doirasida Otbası bankga islomiy moliyalashtirish xizmatlarini yo‘lga qo‘yish huquqini berish rejalashtirilgan.

Qonun qabul qilinib, litsenziyalash jarayonlari yakunlangach, yangi ipoteka mahsuloti 2026-yil sentabr–oktabr oylarida rasmiy ravishda taqdim etiladi. Islomiy moliyalashtirish tamoyillariga ko‘ra, kredit va depozitlar bo‘yicha foiz undirish taqiqlangan. Shu sababli foizsiz ipoteka hamda omonat mahsulotlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Dastlabki badal miqdori 20–50 foiz oralig‘ida bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatining huquqiy asoslari belgilangan edi.