
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda safarbarlik davrida fuqarolarning ish joyi saqlab qolinishi kafolatlanishi belgilandi.
Muhokama qilingan qonun loyihasida safarbarlik tayyorgarligi va safarbarlikning asosiy maqsadlari, prinsiplari hamda davlat organlari va tashkilotlarning vakolatlari belgilab berildi.
Shuningdek, hujjatda umumiy va qisman safarbarlikni e’lon qilish tartibi, iqtisodiyot tarmoqlarini urush davri sharoitiga moslashtirish hamda oziq-ovqat, yoqilg‘i, tibbiy xizmat, transport va aloqa tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash choralari nazarda tutilgan.
Eng muhim jihatlardan biri sifatida safarbarlik davrida chaqirilgan fuqarolarga ish joyini saqlab qolish, kredit to‘lovlarini kechiktirish va yetkazilgan zararlarni kompensatsiya qilish kabi ijtimoiy kafolatlar mustahkamlanmoqda.
Deputatlar mazkur qonun loyihasi mamlakat mudofaa salohiyatini oshirish va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar. Muhokamalar yakunida qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq majlisda «Harbiy xizmatchilar maqomi va ularni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan edi.