
Samsung Electronics aksiyalari Janubiy Koreyada ishchilar bilan kelishmovchilik sabab birjada keskin tushib ketdi. CNBC nashriga ko‘ra, kompaniya qiymati kun davomida 99 trln vondan ortiq, ya’ni qariyb $66 mlrdga kamaydi.
Bunga Samsung va kasaba uyushmasi o‘rtasida ish haqi bo‘yicha kelishuvga erishilmagani sabab bo‘ldi. Kasaba uyushmasi 21-maydan boshlab 18 kunlik ish tashlash o‘tkazish bilan tahdid qilgan. Aksiya narxi birjada 6 foizdan ko‘proq pasaydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ish tashlashda 41 mingdan ortiq xodim qatnashishi mumkin. Kasaba uyushmasi Samsung’dan operatsion foydaning 15 foizini bonus sifatida xodimlarga ajratishni talab qilmoqda. Kompaniya esa 10 foiz bonus va bir martalik qo‘shimcha to‘lov taklif qilgan.
Uyushma aprel oyidagi namoyish sabab kompaniyaning chip ishlab chiqarish hajmi sezilarli kamayganini ham ma’lum qildi. Ularning hisobicha, 18 kunlik ish tashlash Samsung’ga $20 mlrd zarar yetkazishi mumkin.
Vaziyatdan so‘ng Janubiy Koreya hukumati muzokaralarni davom ettirishga chaqirdi. Moliya vaziri Koo Yun Cheol ish tashlash bo‘lmasligi kerakligini aytdi. Bosh vazir Kim Min Seok ham hukumatga vaziyatni nazorat qilish topshirig‘ini berdi.
Shundan keyin Samsung aksiyalari qayta tiklanib, yana o‘sishni boshladi.
Eslatib o‘tamiz, kompaniya 2026-yil birinchi choragida 57,2 trln von ($38,3 mlrd) operatsion foyda qayd etgan edi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 750 foiz ko‘p.