
Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston energetika haftaligi – 2026» forumida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan SOCAR bosh direktori Ravshan Najaf hamda British Petroleum rahbariyati vakillari Ariel Flores va Jovanni Kristofolinini qabul qildi. Unda SOCAR kompaniyasining O‘zbekistonda vakolatxona ochishi ma’lum qilindi.
Uchrashuvda energetika va neft-gaz sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, SOCARning Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihasida O‘zbekistonning hamkori ekani qayd etildi. Shuningdek, kompaniyaning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilingani ma’lum qilindi.

Mazkur yirik loyihaga British Petroleum (BP) qo‘shilgani yuqori baholandi. Tomonlar uglevodorod xomashyosini qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berish hamda tarmoq uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Uchrashuv davomida Ravshan Najaf, shuningdek, Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi sifatida Shavkat Mirziyoyevga 2027-yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yoshlar o‘rtasidagi U-20 jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rishdagi ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston energetikasiga $35 mlrd sarmoya kiritilgani haqida yozgan edik.