
Shavkat Mirziyoyev Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini oshirish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi. Taqdimotda poytaxt metropolitenini kengaytirish maqsadida Toshkentda yangi metro liniyasini qurish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilishi ma’lum qilindi.
Unda 2030-yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 mln nafarga yetkazish, bekatlar sonini 79 taga, liniyalar uzunligini esa 103 kilometrgacha oshirish rejalari taqdim etildi. Shuningdek, poyezdlar harakati oralig‘ini bosqichma-bosqich 1,5–3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish maqsadida Shahriston metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etildi. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80–90 foizgacha kamaytirishi mumkin. Shu bilan birga, ular reklama maydonlari orqali qo‘shimcha daromad manbai yaratishga ham xizmat qiladi.
Taqdimot davomida yangi metro liniyalarini qurish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, «Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori» yo‘nalishi bo‘yicha loyiha hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda «Mingo‘rik – Janubiy vokzal», ikkinchi bosqichda esa «Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori» yo‘nalishlarini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.
Bundan tashqari, metroda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish maqsadida vagon va platformalarda raqamli reklama joylarini auksion orqali ijaraga berish, vending apparatlari va kichik savdo obyektlarini joylashtirish, bekatlar oldida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, «Park&Ride» tizimini joriy etish, yangi elektrodepo qurish va 2027–2035-yillarga mo‘ljallangan Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish taklif etildi.
Yig‘ilishda yo‘l kira haqini to‘lash tizimini takomillashtirish, masofaga qarab to‘lov qilish hamda kunlik, haftalik va oylik abonementlarni joriy etish imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi. Davlat yetakchisi taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, yil boshida Toshkent metropoliteni liniyalarning yangilangan grafik metro sxemasi taqdim etilgan edi.