
Savdo terminali ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent vaqti bilan 13-may soat 13:48 da (Londonda 9:48) O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasi (UzNIF)ning global depozitar tilxatlari (GDR) London fond birjasi (LSE)da shartli savdolar (conditional dealings) rejimida IPO narxiga nisbatan 12 foizga qimmatlashdi.

London birjasida asosiy savdo sessiyasi mahalliy vaqt bilan soat 8:00 dan 16:30 gacha davom etadi.
Asosiy savdolar qachon boshlanadi?
- London fond birjasi (LSE): Shartli savdolar (conditional dealings) 13-maydan boshlandi. Asosiy savdolar esa 2026-yil 18-maydan start oladi.
- «Toshkent» RFB (TSE): UZNF tikeri ostidagi aksiyalarning ikkilamchi savdolari 2026-yil 18-maydan boshlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, IPO doirasida UzNIF 600 mln dollardan ortiq mablag‘ jalb qildi. Sotuvchi sifatida jamg‘arma aksiyalarining 31 foizini realizatsiya qilgan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirok etdi. Kompaniyaning o‘zi sotuvdan mablag‘ olmaydi – jalb qilingan barcha sarmoya aksiyadorga (davlatga) yo‘naltiriladi. Bitimning «langar» investorlari sifatida dunyoning eng yirik boshqaruv kompaniyalari – BlackRock, Franklin Templeton va Redwheel qatnashdi.