Lifestyle

Xantavirus nima va uning belgilari qanday

Xantavirusning 20 dan ortiq turlari mavjud
Xantavirus nima va uning belgilari qanday
Foto: CNN

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekovning ta’kidlashicha, xantavirusning 20 dan ortiq turlari mavjud bo‘lib, ularning faqat ayrimlari insonda kasallik chaqirishi mumkin. Kasallik dunyo bo‘yicha turli hududlarda uchrasa-da, u Yevropa va Osiyoda kamroq qayd etiladi. Virusning ayrim turlari esa asosan Lotin Amerikasi mamlakatlarida uchraydi.

Xantavirus bu asosan sichqon va boshqa kemiruvchilar orqali yuqadigan xavfli virus hisoblanadi. U odamga hayvonlarning najasi, so‘lagi yoki boshqa narsalari orqali yuqishi mumkin. Kasallik kam uchrasa-da, ayrim hollarda og‘ir asoratlarga olib keladi.

Xantavirus qanday yuqadi

Virus ko‘pincha yopiq va chang bosgan joylarni tozalash vaqtida yuqadi. Masalan, omborxona, dala hovli yoki uzoq vaqt foydalanilmagan uylarni supurishda kemiruvchilar chiqindilari havoga ko‘tariladi. Odam shu havoni nafas orqali yutganda virus organizmga kirishi mumkin.

Ba’zan virus kemiruvchi tishlashi orqali ham yuqadi. Odamdan odamga yuqishi juda kam uchraydi.

Kasallikning ilk belgilari

Xantavirus belgilari odatda virus yuqqanidan keyin 1–8 hafta ichida paydo bo‘ladi. Dastlab u oddiy shamollash yoki grippga o‘xshab ketadi.

Asosiy belgilar yuqori isitma, kuchli holsizlik, bosh og‘rig‘i, mushak va bel og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va qorin og‘rig‘i orqali seziladi.

Eng xavfli bosqich

Kasallik kuchayganida nafas olish bilan bog‘liq muammolar boshlanishi mumkin. O‘pkada suyuqlik to‘planadi va bemorga nafas olish qiyinlashadi.

Quyidagi belgilar xavfli hisoblanadi:

  • nafas qisishi;
  • ko‘krakda og‘riq;
  • kuchli yo‘tal;
  • lablarning ko‘karishi.

Og‘ir holatlarda buyrak yetishmovchiligi va yurak-qon tomir hamda nafas olish tizimi bilan bog‘liq asoratlar kuzatilishi mumkin. Bunday holatda darhol shifokorga murojaat qilish kerak.

Kasallik kech aniqlansa xavf ortadi. Hozircha virusga qarshi maxsus dori mavjud emas. Shifokorlar asosan bemorning ahvolini nazorat qilish va simptomlarni kamaytirishga harakat qiladi.

Virusdan qanday himoyalanish mumkin

Mutaxassislar kemiruvchilar yashashi mumkin bo‘lgan joylarni ehtiyotkorlik bilan tozalashni tavsiya qiladi. Buning uchun chang ko‘tarmaslik, niqob va qo‘lqop taqish, kemiruvchi chiqindilarini dezinfeksiya qilish, uy va omborlarni shamollatish muhim.

Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlarini yopiq idishlarda saqlash tavsiya etiladi.

Agar kemiruvchilar bo‘lgan joyda ishlagandan keyin isitma, mushak og‘rig‘i yoki nafas qisishi paydo bo‘lsa, darhol shifokorga murojaat qilish kerak. Erta tashxis kasallik oqibatlarini kamaytirishga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi ayrim mamlakatlarda tarqalayotgan xantavirusning O‘zbekistonda tarqalish xavfi va bugungi kundagi epidemiologik vaziyat yuzasidan rasmiy ma’lumot bergandi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda xantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan va vaziyat doimiy virusologik monitoring ostida saqlanmoqda. Shu bilan birga, mutaxassislar shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ri saqlash, meva va sabzavotlarni yaxshilab yuvish hamda yopiq joylarni muntazam shamollatishni tavsiya etadi.