Yangiliklar

Air Fergana faoliyati boshlangani haqidagi xabarlar rad etildi

Aviakompaniya hali zarur sertifikat va litsenziyalarni olmagan
Air Fergana
Air Fergana faoliyati boshlangani haqidagi xabarlar rad etildi / Foto: Pexels

Ijtimoiy tarmoqlarda Air Fergana aviakompaniyasi faoliyat boshlagani haqida xabarlar tarqaldi. Fuqaro aviatsiyasi agentligi mazkur xabarlarning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur aviakompaniya hali tijorat parvozlarini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ekspluatant sertifikati (AOC) hamda boshqa litsenziyalarni olmagan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, aviakompaniyalar O‘zbekistonda faqat barcha majburiy tekshiruvlar va ruxsat berish tartib-taomillari to‘liq yakunlangandan so‘nggina faoliyatni boshlashi mumkin. Bu jarayon parvozlar xavfsizligi, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, xodimlar malakasi hamda milliy va xalqaro talablarning bajarilishini o‘z ichiga oladi.

Shuningdek, rasmiy izohda barcha qonunchilik talablaridan so‘nggina aviakompaniya yo‘lovchi va yuk tashish bo‘yicha tijorat faoliyatini amalga oshirishi mumkinligi qayd etilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2025-yil may oyi boshiga kelib O‘zbekistonda 12 ta aviakompaniya faoliyat yuritgan bo‘lib, mamlakatdagi havo kemalari parki 93 ta samolyotni tashkil etgan.

Shuningdek, MDH davlatlari orasida aviakompaniyalar soni bo‘yicha Rossiya yetakchi (39 ta aviakompaniya) bo‘lib, undan keyin O‘zbekiston va Qozog‘iston (10 ta aviakompaniya) qayd etilgan. Parvozlar parki bo‘yicha esa Rossiya kompaniyalarida 740 dan ortiq, Qozog‘istonda esa 98 ta samolyot mavjudligi keltirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aviatsiya xodimlari uchun majburiy tibbiy ko‘rik tartibi belgilangan edi.