
YUNESKO global oliy ta’lim sohasidagi tendensiyalar bo‘yicha yangi hisobotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2000-yilda dunyoda talabalar soni 100 million nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilga kelib bu ko‘rsatkich 269 million nafarga yetgan. Shu tariqa 25 yil ichida jahondagi talabalar soni 2,5 barobar oshgan.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, talabalar nafaqat ko‘paymoqda, balki tobora ko‘proq yoshlar chet elda tahsil olishni tanlamoqda.
Bugungi kunda xorijda ta’lim olayotganlar soni asr boshiga nisbatan uch barobarga oshgan. Hozirda qariyb 7,3 million kishi o‘z mamlakatidan tashqarida tahsil olmoqda. Ularning yarmi Shimoliy Amerika va Yevropa davlatlarida o‘qiydi.
Eng mashhur ta’lim yo‘nalishlari sifatida AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Germaniya, Kanada, Fransiya va Rossiya qayd etilgan. Rossiyada ayniqsa MDH davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan talabalar ulushi yuqori ekani aytilgan.
Hisobotda qiziqarli tendensiya ham keltirilgan. Unga ko‘ra, hozirda oliy ta’lim tizimida ayollar soni erkaklardan ko‘proq. Biroq fan doktorlari orasida hanuz erkaklar ulushi yuqoriligicha qolmoqda.
Dunyo mintaqalari o‘rtasida katta tafovut saqlanib qolmoqda
YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, oliy ta’lim bilan qamrov dunyo bo‘ylab bir xil emas.
G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerikada 18–24 yoshlarning taxminan 80 foizi oliy ta’limda o‘qiydi yoki uni tamomlagan. Karib havzasi davlatlarida bu ko‘rsatkich 59 foizni tashkil etadi.
Arab davlatlarida oliy ta’lim qamrovi 37 foiz, Janubiy va G‘arbiy Osiyoda 30 foiz, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlarida esa atigi 9 foiz ekani qayd etilgan.
O‘rtacha hisobda esa dunyo bo‘yicha oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 43 foizni tashkil qilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonga o‘qish uchun kelgan xorijliklar soni 2,3 baravar oshgani haqida yozgandi.