Yangiliklar

Galaxy S24 smartfoni foydalanuvchining qo‘lida portlab ketdi

Janubiy Koreyada Galaxy S24 smartfoni foydalanuvchisiga yengil tan jarohati yetkazdi
Foto: Reddit / chocho-789

Janubiy Koreyalik foydalanuvchi Reddit tarmog‘ida Samsung Galaxy S24 smartfoni internetdan foydalanayotgan vaqtida kutilmaganda portlab ketganini ma’lum qildi.

Reddit foydalanuvchining ta’kidlashicha, hodisa joriy yilning 11-may kuni sodir bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qurilma internetda ma’lumot izlayotgan vaqtida birdaniga qizib ketgan, tutab, so‘ngra portlagan. Jabrlanuvchi smartfon o‘sha paytda quvvatga ulanmaganini, avval tushirib yuborilmaganini va ta’mirlanmaganini ta’kidlagan.

Foto: Reddit / chocho-789

Voqea tafsilotlariga ko‘ra, qurilma oldiniga shishib ketgan, keyin esa pastki qismi baland ovoz bilan ajralib chiqqan. Portlash oqibatida smartfon yuqoriga sapchib, foydalanuvchining iyak qismiga urilgan va polga tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar litiy akkumulyatori yonishiga xos belgilarni qayd etishgan. Oqibatda foydalanuvchi yengil kuyish jarohati olgan va tutun hididan zaharlanish alomatlarini sezganini aytgan.

Qayd etilishicha, Samsung kompaniyasi mahalliy xizmat ko‘rsatish markazi orqali jabrlanuvchi bilan bog‘langan va qurilmani ichki tekshiruv uchun olib ketish niyatida ekanini bildirgan. Foydalanuvchi hech qanday tovon puli talab qilmayotganini, faqatgina hodisa sabablari shaffof tushuntirilishini xohlayotganini bildirgan.

U barcha rasm, video va tibbiy hujjatlarga ega ekanligini hamda yirik ommaviy axborot vositalariga qo‘shimcha dalillar taqdim etishga tayyorligini aytib o‘tdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S24 va S23 uchun fevral yangilanishi e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.