Yangiliklar

Janubiy Koreyaga ishga yuborishni korrupsion sxemaga aylantirgan guruh fosh etildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Janubiy Koreyaga ishga yuborishni korrupsion sxemaga aylantirgan guruh fosh etildi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 1,4 mingga yaqin fuqaroni aldab, yirik miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirilgan jinoiy guruh qo‘lga tushdi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdor shaxslari ishtirokida uyushgan jinoiy guruh shakllantirilgan. Ushbu guruh 35 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborish evaziga ulardan jami $263,5 ming miqdorida noqonuniy mablag‘ olgan.

Tergov davomida ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh tomonidan rasmiy to‘lovlardan tashqari fuqarolarning har biridan $7 – $12 mingdan undirilgan va bu orqali qariyb $90 mln miqdorida mablag‘ yig‘ilgan.

Hozirda Janubiy Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ortiq fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar o‘rganilmoqda. Bundan tashqari, 230 nafar fuqaroni yuborish evaziga $580 ming, Koreyada ishlayotgan ming nafar fuqarodan esa $5,6 mln noqonuniy undirilgani, umumiy zarar miqdori $45 mlnni tashkil etishi ma’lum qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryoda Janubiy Koreyaga ishga yuborish va’dasi bilan 63 nafar fuqaroni chuv tushirganlar ushlangan edi.